O‘zbekistonlik 46 yoshli sportchi Oksana Chusovitina Doxada (Qatar) o‘tkazilgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogining litsenzion bosqichida oltin medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: FIG.

Tayanib sakrash dasturida u 13433 ball to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Oksana Chusovitina 2021 yili Doxada o‘tkazilgan Jahon kubogida ham xuddi shuncha ochko to‘plab, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.

Ikkinchi o‘rinni 13.150 ochko bilan vengriyalik Mariya Baskay egallagan bo‘lsa, bronza medali 13.133 ball to‘plagan rossiyalik Viktoriya Listunovaga nasib etdi.

25 iyul kuni Oksana Chusovitina Tokioda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida sakkizinchi bor ishtirok etib, rekord qayd etgan va kar’erasini yakunlashini ma’lum qilgan edi. U ushbu rejasini 2019 yil oktabrdayoq ma’lum qilgan edi. Biroq sentabr oxirida u sportga qaytishini ma’lum qildi. U kelasi yil o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida qatnashish niyatidaligini bildirib, «Men, shunchaki, faoliyatimni O‘zbekiston uchun medalsiz yakunlay olmayman», — dedi.

Oksana Chusovitina 1975 yil 19 iyun kuni Buxoro shahrida tug‘ilgan. Usport bilan shug‘ullanishni 8 yoshida boshlagan. Uzoq yillar davomida Svetlana Kuznetsova qo‘l ostida sport gimnastikasini o‘rganib kelgan. 1990 yil terma jamoa a’zosiga aylangan. Oksana Chusovitina sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) hisoblanadi. 1992 yil Barselonada o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi, 3 karra Jahon chempioni.