Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan Rossiya rublini ayirboshlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bayonot e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Rossiya rublining o‘zbek so‘miga nisbatan sotish va sotib olish kursi tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilanib, kun davomida zaruriyatga ko‘ra o‘zgartirib borilishi mumkin.

Regulyatorning qayd etishicha, xalqaro amaliyotda ham mahalliy valyuta birjasida sotuvda bo‘lmagan ayrim davlatlarning valyutalari bo‘yicha hisob va ayirboshlashdagi kurs ushbu davlatlarning Markaziy banklari yoki xalqaro platformalarda e’lon qilayotgan joriy kotirovkalar asosida belgilanadi.

«Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda shubhali spekulyativ transchegaraviy sxemalar yordamida rublni ayirboshlash (shu jumladan, «qora bozor»da) orqali 30 foizgacha daromad olish mumkinligi bildirilmoqda. Yuqoridagi fikrlar mantiqan gepotetik shakllarda to‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, amalda O‘zbekistondagi ichki valyuta bozoridagi real holat buni inkor etmoqda. Xususan, oxirgi paytda tijorat banklari tomonidan aholiga rubl sotuvi ulardan xarid qilingan miqdorlardan qariyb 10 barobar ko‘p», — deyiladi axborotda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutani (naqd va naqdsiz shaklda) olib kirish va olib chiqish bo‘yicha maxsus tartib o‘rnatilgani aytildi. Ushbu tartib ichki valyuta bozoriga keskin ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan miqdorlarda pul oqimlarining vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Markaziy bank mavjud vaziyatni doimiy onlayn ravishda kuzatib bormoqda va zarur hollarda aholi manfaatlarini hamda milliy valyuta va bank tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishini ta’minlaydi, deyiladi xabarda.

«Banklardan kelayotgan ma’lumotlarga qaraganda, maqbul kurs deyilgan rubl uchun imtiyozli koridor bekor qilingan», — deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Qayd etilishicha, «O‘zmilliybank» hamda InFinBank birinchilardan bo‘lib rubl bo‘yicha bozor kurslarini qaytargan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda banklar o‘zining valyuta ayirboshlash shoxobchalarida Rossiya rublini almashtirishni boshlagani haqida xabar qilingandi. Markaziy bank ularga valyuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi «maqbul bo‘ladigan farq darajasini» saqlab qolishni tavsiya qilgan edi.