«Qishloqdagi qish — hayotimdagi qiyin tanlovlardan biri»

Bahor kirib kelgan bo‘lsa-da, qishnig sovuq havosi hali tugagani yo‘q. Qishloq aholisi o‘z uylarini o‘tin, ko‘mir va tezak bilan isitishda davom etmoqda. Qish qahraton kelsa, o‘tin zaxirasi sumalak pishirishga yetmasdan, tamom bo‘ladi. Ijodkor Xolida Musurmonova O‘zbekistondagi qishloqlardan biridagi qish haqida hikoya qiladi.

Suratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.
Qishloq... Seni eslayapman, sog‘inyapman, qalbga yaqin manzilim! Shahar hayotidan tolgandek bo‘laman. Keyin esa hozir qishloqda bo‘lganimda shaharning yaxshi sharoitiga oshiq bo‘lib yurardim-ku, deb o‘ylab ham qolaman.

Chiroqlari o‘chmaydigan shaharda bugun svet o‘chibdi, qaragin, telefonimni zaryadlamoqchi bo‘lgandim, sezib qoldim. Negadir kulgim, bobomning bag‘ridek keng qirida ukalarim bilan yugurgim, baqirib-baqirib o‘ynagim kelyapti.

Zerikdim... Shovqinli shahardan emas, o‘zimdan zerikdim, chog‘i. Ko‘zlarimni yumsam senli kunlarimni eslayman. Ajoyib qishni bu yil ham sen bilan o‘tkazdim... Qadrli ekanligingni esa sendan uzoqdaligimda his qilyapman, rosti.

O‘sha kunlari kul hididan burnim achishganida, sovuqda internet poylab tomga chiqqanimda, barmoqlari yorilgan, qo‘llari kuygan tengdosh qo‘shni kelinni ko‘rganimda ezilib asabiylashgan, siqilgan bo‘lsamda, hozir qishloqdagi qishning husnu tarovatini his qilganimdan, mashaqqatidan rohat topolganimdan biram xursandmanki...

Qishlog‘im, ich-ichimdan seni sevsamda sendan tezroq ketishga intilganim uchun meni kechir. Qiyin tanlovlar hayotimda ko‘p bo‘lyapti. Ulardan biri sen bo‘lsang kerak...
Internetga ulanish uchun tomga chiqqan bola.
Mana qish ham tugadi. Qish u darajada sovuq kelmadi, shuning uchun g‘amlangan o‘tinu ko‘mirlar, tappiyu tezaklar kelgusi yilga zaxira bo‘lib qolganidan hamqishloqlarim juda xursanddir-a?

Eh-he, qishimiz o‘tgan yilgi kabi qahraton, xalq tilida aytganda «quruq sovuq» bo‘lganida bormi, o‘tinlaring sumalak pishirishga yetmayoq tamom bo‘lardi. Bilaman, hozir ham yoqadigan narsalaring ko‘pmas...
Balki, tandirayvonlaring allaqachon bo‘shab ham qolgandir. Badiiy so‘zlar bilan tandirimga o‘tin ham, mo‘rimga tutun ham bo‘lolmaysan, dersan.
Eh, bu olifta qizing turmush g‘amlaringni, dardlaringni, qaniydi, pechkaga solib yoqolsa, ularni tutun kabi ko‘kka, havoga o‘rlatib-o‘rlatib yuborolsa. Lekin uning olovi xonani shunaqangi isitsaki, cho‘g‘i ertalabgacha so‘nmasa, uxlayotgan ukam kechasi sovuqotib qolmasa, pechka ustidagi obdasta ham muzlamasa, suvlari iliq tursa… Undan chiqqan kullar ham uyum-uyum bo‘lmasa, yonsayu ketsa… Qaniydi...
реклама
реклама
Maktab o‘quvchilari isishi uchun qozonxani qizitib chiqayotgan otaxon.
Bu qish ham qordan qisdi-ya bizni? Uch-to‘rt yog‘diyu, bir-ikki yer oqartirdi, xolos.

Esingdami, borgan haftamda rosa qor yog‘gandi. Biram mazza bo‘lgandi-ya? Loy bo‘lib ketgan, bizning tilda aytganda, “shilta” ko‘chadan eson-omon qor bosib hurpayib qolgan qo‘ylarimni cho‘pondan ajratib keldim, cho‘pon akaning kipriklari ham qor bo‘lib qolgandi o‘shanda.
So‘ng sening manzaralaringni uyda, plyonka qoqilgan derazadan, o‘tinning chirs-chirs yonishini eshitib tomosha qildim.

Pechka ustida choy qaynardi. Tomlar, hatto mo‘ri qopqoqlari ham qorga burkangandir-a, «soyaboni yo‘q» mo‘rilardan yomg‘ir-qor kirib ketmagandir, xayrini bersin, deb qo‘ydim.
Butun ko‘chadan ko‘miru o‘tin hidi kelayotganligini his qilgandim... Demak, ularning uylari ham isiyapti, ularning uylarida olov bor, shukr aytdim.
реклама
реклама
Kul tashlashga chiqqandim, nomi yo‘q tepaligimizga qarasam (balki bordir, biz bilmaymiz, uni «To‘ba» deymiz xolos) qo‘shni bolalar shunaqangi yaxmalak uchishyapti endiii, ko‘rib ko‘zim quvnab ketdi, sessiyamni besh bahoga yopgandek bo‘ldim.

Hamma bolalar qorni sog‘ingan edi. Ular qishni oppoq qori uchun sevishardi. Kovushlariga qor kirishiyu yiqilib u-bu joyi ko‘karishi, kiyimlari ho‘l bo‘lishi, suvsiz qolayotgan mol-qo‘yiyu, yorilishi kerak bo‘lgan o‘tini bilan bugun ularning ishi yo‘q. Onalarining «qor yema», «zax o‘tib ketadi, uyga kir» degan pandlarini ham quloqqa ilishmasdi.
Ularga chana ham kerakmas, u-bu joydan yaltiroq plyonka, yoki, masalan, bo‘shagan 5 litrlik yog‘ idishlari topilsa bas, bir olam quvonch beradigan o‘yingoh paydo bo‘ladi.

O‘sha kuni yonlariga borgandim, bir dunyo, tushunyapsanmi, qop-qop baxtni, quvonchni his qildim. Kecha sovuq xonada ruchka ushlaganda qo‘li qaltirab yozolmayotgan, maktabning betonli polidan suyak-so‘ngagiga muz kirib ketayotganday javdirab turgan bolalaring ko‘zlarida sevinch, yuzlarida kulgi ko‘rdim. Ular hammasidan qasos olib kechasi, buguni, ertasi uchun shodlik g‘amlayotgan edi... Kulgularini zaxira qilayotgandi yozgi o‘tinlari kabi.
Qishloqdagi qishim... Yo‘q, bu qishloqdagi qalbi ko‘klam go‘zalligim edi. Erib oqayotgan sumalaklarda quyosh akslandi, qo‘llari qadoq enam farzandlari iqboli uchun duo qildi...
Bu sensan, ko‘klam ko‘kayli qishlog‘im, shunchaki bu manzalarga hech nima teng kelolmasligini anglayapman... Baribir qiyin tanlovlar oldida turibman, men sen bilan bo‘lmasamda, sen men bilan bo‘l!
Material PressPhoto.Uz fotoagentligi
bilan hamkorlikda tayyorlandi
Suratlar muallifi: Xolida Musurmonova.
Fotohikoya mualliflari o‘zlarining ishlariga havolalarni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuborishlari mumkin. Xatga syujetlar tavsifi, joyi, sanasi, muallifning to‘liq ismi va bog‘lanish uchun telefon raqamlarini kiritishni iltimos qilamiz.

Biz o‘z manbalarimizda ishlarni notijoriy asosda
eʼlon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting