Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljonov Ukrainadan Moldovaga o‘tgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarilishi hozircha rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda u Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha OAVning savollariga bergan javobida aytib o‘tgan.

Uning ma’lum qilishicha, Ukrainaning Moldova bilan chegaradosh joylarida yashovchi 200 ga yaqin o‘zbekistonliklar boshpana izlab Moldova hududiga o‘tgan.

Moldova tomoni insonparvarlik nuqtayi nazaridan, fuqaroligidan qat’i nazar, o‘z hududiga kirayotgan barcha shaxslarni tashish, joylashtirish, ovqatlantirish va boshqa zarur masalalarda ko‘mak berayotganligi aytildi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Moldovada bo‘lib turgan vatandoshlar masalalarini muvofiqlashtirish va hal qilish maqsadida ko‘ngillilar guruhini yig‘gan. Keyinchalik o‘z vataniga evakuatsiya qilinishini tashkil etish uchun ularning ro‘yxati va ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda.

«Hozirgi paytda Polsha orqali evakuatsiya qilishning asosiy ustuvor ekanligini inobatga olgan holda, fuqarolarimizni Moldovadan qaytarish masalasi keyinroq ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, mazkur mamlakat havo hududi aviaqatnovlar uchun yopiqligicha qolmoqda», — deyiladi xabarda.