2 mart kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining uchta samolyoti bilan 671 nafar O‘zbekiston fuqarosi Polshaning Katovitse aeroporti orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi, deya xabar qildi TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov. Ular orasida 129 ayollar, 82 bolalar va 14 chaqaloqlar bor.

TIV vakilining ma’lum qilishicha, umumiy hisobda Ukrainadan Polsha hududi orqali sakkizta aviareys bilan 1859 nafar o‘zbekistonlik olib kelingan. Bugun yana bir necha evakuatsiya qatnovini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ayni paytda Polsha hududida 1100 dan ortiq fuqaro qolmoqda. Ulardan 550 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, 550 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.

«O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi tomonidan jangovar harakatlar ketayotganiga qaramay, mamlakatimiz fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda», — deb yozdi Yusup Kabuljanov.

O‘zbekistonning Polsha va Ukrainadagi diplomatik vakolatxonalari uzluksiz tartibda ishlayotgani, fuqarolar uchun issiq ovqat yetkazilib, zarur hollarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatilayotgani ma’lum qilindi.