O‘zbekistonda 2050 yilga borib tabiiy gaz, ko‘mir va neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanishdan voz kechiladi. Bu haqda 2 mart kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jaev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini qariyb 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning eng ilg‘or mamlakatlari tomonidan qabul qilingan uglevodorod neytralligi dasturiga ham qo‘shilgan.

2050 yilga kelib, respublika iqtisodiyotning barcha sohalarida, shu jumladan, energetikada uglevodorod neytralligiga erishish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«Bu — tabiiy gaz, ko‘mir, neft mahsulotlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanishdan to‘liq voz kechish degani. Bir qarashda bu uzoq muddatday ko‘rinadi, lekin bugungi kundagi energetika sohasida bo‘layotgan o‘tish jarayoni o‘zining ko‘lami va ahamiyati jihatidan bir vaqtlar qazilma boyliklar, neft va gaz qoplaganday o‘zgarishlar bilan solishtirish mumkin. Insoniyat hayoti keskin o‘zgardi. Ayniqsa sanoat va transport logistika sohasiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, huddi shu kabi energetik o‘tish jarayonining ham kundalik hayotga o‘z ta’siri bor. O‘zbekistonda elektr energiyaga bo‘lgan talabni g‘arb mamlakatlari bilan solishtirilganda, u keskin farq qiladi. Chunki respublika iqtisodiyoti hali elektr energiyasi bilan to‘yingan emas. Talab suratlari yillik eng kamida 11−12 foizga o‘sishi kutilmoqda.

«Bu 2030 yilga borib erishiladigan natijalardir. Bu degani biz hozirgi kundagi an’anaviy energetika manbalaridan to‘liq voz kechib, quyosh va shamol energetikasiga o‘tishimiz juda qiyin. Birinchi navbatda, o‘sib borayotgan talabni to‘yintirish zarur», — dedi Sherzod Xo‘jaev.

Bu davr ichida kamida 5 ming MVtli shamol elektr stansiyalari va 7 ming MVtli quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish lozim.

2022 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha yirik ishlar amalga oshiriladi. Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda umumiy quvvati 1900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoyelektr stansiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 1700 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun loyiha bitimlari imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2023 yilda Samarqand, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1097 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoyelektr stansiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro (G‘ijduvon va Peshku) va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1600 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi «yashil energiya» ishlab chiqarishni boshlaydi.

Shuningdek, 2026 yilga borib O‘zbekistonda quyosh fotoyelektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga va shamol elektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga yetkaziladi hamda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil qiladi. Buning natijasida yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 1 million xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin.

Energetika vazirligi vakilining aytishicha, 2022−2026 yillarda Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Namangan va Andijon viloyatlarida 15 ta yangi gidroyelektr stansiyasi quriladi. Mavjud 5 ta GESda modernizatsiya ishlari amalga oshiriladi. Bunday choralar yiliga qo‘shimcha 868 MVt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarni barpo etishga zamin yaratadi. 2026 yilga borib respublika gidroyelektr stansiyalarining umumiy quvvati 2920 MVtga yetadi.

Ta’kidlanishicha, aholi xonadoniga quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatish borasida ham dastlabki qadamlar boshlangan. Masalan, qurilmalarni xonadonlarga o‘rnatish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

«Fuqarolar o‘z xonadonlariga o‘rnatgan quyosh panellar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishlari ham mumkin», — dedi vazir o‘rinbosari.

Hukumatning 2021 yil 14 apreldagi [217-sonli] qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarga quyosh fotoyelektr stansiyalar, quyosh suv isitgichlarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatgan jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik subyektlari esa 10 yil davomida yer va mulk solig‘idan ozod bo‘ladi.