O‘zbekistonda 2021 yil avgust oyidan buyon koronavirusga qarshi emlashdan bosh tortgan 45,6 ming xodim ishdan chetlashtirilgan. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

Avgust oyi boshida Mehnat kodeksiga xodim emlashdan o‘tishni rad etgan holda ish beruvchi uni ishdan chetlatishga haqli degan me’yor kiritilgandi.

SES rahbarining ma’lum qilishicha, o‘tgan vaqt mobaynida 28,5 ming tadbirkorlik subyekti va 44,6 mingdan ortiq budjet tashkilotida tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, 89,4 mingga yaqin vaksina olmagan ishchilar aniqlangan, ulardan 45,6 ming nafari vaqtincha ishdan chetlashtirilgan. 4600 ta holatda ish beruvchilar jarimaga tortilgan, 246 ta obyektga nisbatan faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatish chorasi ko‘rilgan.

Maxsus komissiya ish beruvchilar koronavirusga qarshi vaksina va buster doza olgan ishchilari qamrovini kamida 90 foizga yetkazishi kerakligini belgiladi. Vaksina va buster doza olmagan xodimlar vaqtinchalik ishdan chetlashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu yig‘ilishda majburiy niqob taqish rejimi va koronavirusga qarshi boshqa cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingani haqida yozgan edik.