Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusup Kabuljanovning aytishicha, faol harbiy harakatlar olib borilayotgan Ukrainaning ayrim aholi punktlaridan, xususan, Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

«Fuqarolarni yuqoridagi shaharlardan olib chiqish harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin tashkil etiladi. Ushbu davrgacha himoyalangan bunkerlarda qolish tavsiya etiladi».

O‘zbekistonliklar joylashgan boshqa shaharlarda ularning Lvovga poyezdda jo‘nab ketishini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

«Kiyevdan yurtdoshlarimizni olib ketish uchun o‘zbekistonlik ko‘ngillilar va Elchixonaning avtomashinalaridan foydalanilmoqda», — dedi TIV vakili.

Bundan tashqari, TIV rasmiy vakili Kiyevda va ayniqsa, uning chekka hududlaridagi murakkab vaziyatga qaramay O‘zbekiston fuqarolarini vokzalga yetkazish ishlari davom etayotganligini ma’lum qildi. Kiyevdan g‘arbiy yo‘nalishdagi poyezd qatnovlari ham to‘xtatilmagan, deya qo‘shimcha qildi u.