Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 7 ta bankini SWIFT tizimidan uzishga qaror qildi, deya xabar berdi TASS.

Xabarga ko‘ra, VTB (Rossiyadagi ikkinchi yirik bank), Rossiya banki, “Открытие”, Sovkombank, Novikombank, Promsvyazbank va “Vneshekonombank” (VEB.RF) SWIFT tizimidan uzib qo‘yildi.

Avvalroq, “Sovkombank” “O‘zagroeksportbank"dagi 100% davlat ulushini 4 mln dollarga xarid qilgan edi.

Shuningdek, YeI Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan birgalikda moliyalashtiriladigan loyihalarga sarmoya kiritishni taqiqladi. Bundan tashqari, Yevroittifoq Rossiyaga yevrodagi banknotlarni sotish, yetkazib berish va eksport qilishni ham cheklashga qaror qildi.

SWIFT tizimidan uzib qo‘yish nimani anglatadi?

SWIFT — ma’lumotlarni uzatish va to‘lovlarni amalga oshirish uchun xalqaro banklararo tizim. 1973 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shtab-kvartirasi Belgiyada joylashgan. Ushbu tizim butun dunyo bo‘ylab moliya institutlariga moliyaviy operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xavfsiz, standartlashtirilgan va ishonchli tarzda yuborish va olish imkonini beradi.

To‘lov tizimlaridan (Visa yoki Mastercard) farqli o‘laroq, SWIFT faqat transfer xabarlarini tashiydi va banklar o‘rtasida qo‘llaniladi.

2015 yil holatiga ko‘ra, dunyoning 200 dan ortiq mamlakatlarida 11 mingdan ortiq moliya institutlari, shu jumladan mingga yaqin korporatsiyalar SWIFT a’zosi hisoblanadi. O‘rtacha xabar almashuvlar soni kuniga 30 milliondan ortiqni tashkil etadi. Har kuni tizim 5−6 trln dollar miqdoridagi transfertlarni qayta ishlaydi.

2021 yil 29 aprel holatiga ko‘ra, Rossiyadagi deyarli 300 ta bank SWIFT tizimidan foydalanadi (Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan kredit tashkilotlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi) — tizim foydalanuvchilari soni bo‘yicha Rossiya AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2017 yil oxirida SWIFT`ning Rossiyaning ichki trafigidagi ulushi (Rossiya tashkilotlari o‘rtasida moliyaviy xabarlarni uzatish) rossiyalik SWIFT foydalanuvchilari tomonidan yuborilgan xabarlarning 78 foizini tashkil etdi.

Amerikaning Navigator Principal Investors kompaniyasi direktori Kayl Shostakning ta’kidlashicha, butun mamlakatni SWIFT`dan uzib bo‘lmaydi, biroq bir qator yirik davlat banklarini tizimga kirishini cheklash mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizimdan uzib qo‘yish Rossiya bank tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, juda kuchli iqtisodiy sanksiyalar dastagi hisoblanadi.