Apple kompaniyasi seshanba kuni Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga javoban Rossiyada o‘z mahsulotlarini sotishni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaga tayanib Reuters xabar berdi.

«Biz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan qattiq xavotirdamiz va zo‘ravonliklar natijasida jabr ko‘rayotgan barcha odamlar bilan birgamiz. Biz gumanitar sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, qochqinlar masalasida yordam beramiz va mintaqadagi jamoalarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Rossiya hududida Apple Pay va boshqa xizmatlardan foydalanish ham cheklandi.

«RT news va Sputnik news ilovalarini endi Rossiyadan tashqarida App Store`dan yuklab bo‘lmaydi. Shuningdek, biz Ukraina fuqarolari uchun ehtiyot chorasi sifatida Ukrainadagi Apple maps`da tirbantlik va avariya hodisalarni kuzatish funksiyalarini o‘chirib qo‘ydik», — deyiladi Apple xabarida.

Avvalroq, 24 fevral kuni Ukrainaning raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fyodorov Apple kompaniyasining bosh direktori Tim Kukdan Rossiyada Apple mahsulotlarini yetkazib berishni to‘xtatish va rossiyaliklar uchun App Store`ga kirishni cheklash iltimosi bilan murojaat qilgan.

«Ishonchimiz komilki, bunday harakatlar Rossiyaning yosh va faol aholisini sharmandali harbiy tajovuzni to‘xtatishga undaydi», — degandi Fyodorov o‘z murojaatida.

Shuningdek, Rossiyada Nike va iHeb onlayn-do‘koni onlayn sotuvlarini to‘xtatdi. Bunga kompaniyalar mahsulotlarni yetkazib berishni kafolatlay olmasligi sabab qilib ko‘rsatilgan.