Nobel mukofoti sovrindorlari Rossiya hukumatini Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatish va o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketishga chaqirdi. Ular Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi ochiq xat bilan chiqishdi.

Ochiq xatga imzo chekkan 163 nafar Nobel mukofoti laureatlari Rossiyaning xatti-harakatlarini qo‘shnisi mustaqil Ukraina davlati va Ukraina xalqiga «prezident Putin boshchiligidagi asossiz harbiy tajovuz», deb atadi hamda uni 1939 va 1941 yillardagi fashistlar Germaniyasining Polsha va Sovet Ittifoqiga qilgan bosqiniga qiyosladi. Shu o‘rinda ular mazkur harbiy harakatlarda rus xalqi irodasi rol o‘ynayotganligiga ishonmasliklarini ma’lum qilishgan.

«Biz birgalikda ushbu harbiy harakatlar va prezident Putinning Ukraina mavjudligining legitimligini inkor etishini qoralaymiz» — deyiladi ochiq xatda.

Xatda aytilishicha, Rossiya tomonidan Ukraina hududiga bostirib kirilishi BMT Nizomini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Xususan, Nizomga ko‘ra, «Xalqaro munosabatlarda barcha a’zolar har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi tahdid yoki kuch ishlatishdan tiyilishi lozim». Shuningdek, bu Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va mavjud chegaralari Rossiya va boshqa davlatlar tomonidan hurmat qilinishini nazarda tutuvchi 1994 yilgi Budapesht memorandumiga nisbatan bepisandlik ekanligi qayd etilgan.

Xat mualliflarining fikricha, Rossiyaning xavfsizlik bilan bog‘liq da’volari BMT Nizomi, 1975 yildagi Xelsinki akti va 1990 yilgi Parij Xartiyasi asosida qondirilishi mumkin edi, «urush boshlash» esa «noto‘g‘ri, qonli va samarasiz yo‘l».

Ular Rossiyaning mazkur xatti-harakatlari mamlakatning «xalqaro obro‘siga dog‘ tushirganligini», «iqtisodiy taraqqiyot uchun to‘siq», mamlakat «xalqi uchun qiyinchiliklar manbasi» bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlagan.

«Joriy etilgan sanksiyalar iqtidorli va mehnatkash rossiyaliklarning butun dunyo bo‘ylab harakatlanish erkinligini cheklaydi. Rossiya va dunyo o‘rtasida devor qurishning nima keragi bor?» — deyiladi ochiq xatda.

Xatga imzo chekuvchilar Ukraina xalqining kuch-qudrati hamda osoyishtaligini hurmat qilishlarini ma’lum qilib, Rossiya hukumatini «Ukrainadagi bosqinni to‘xtatish va o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketishga» chaqirishgan.