So‘nggi paytlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston harbiy xizmatchilarini xorijiy davlatlar armiyasiga yollash haqida xabarlar tarqaldi. Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligi o‘zining rasmiy munosabatini e’lon qildi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 125-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi, deyiladi xabarda.

Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslanadi, deya ta’kidlangan bayonotda.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish bo‘yicha jinoiy javobgarlik (154−1) moddasi mavjud.

«Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanib qayd etish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi, shu jumladan O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi, — deyiladi Mudofaa vazirligi munosabatida. — O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqida tarqalgan ma’lumotlar hech qanday asosga ega emas».

Avvalroq, O‘zbekiston harbiylari yollanayotganiga oid xabarlar Ukraina Telegram-kanallari orqali tarqatilgandi. O‘zbekiston Adliya vazirligi «Bilasizmi» ruknini e’lon qilib, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligini xabar qilgandi.