O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti, deya ma’lum qildi TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov.

«Ayni paytda bizning asosiy ustuvor vazifamiz Ukrainadagi mavjud og‘ir vaziyatni inobatga olgan holda barcha O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlashdir», — deyiladi bayonotda.

«Elchixonaning boshqa hududga ko‘chirilishi bu jarayonlar samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi», — deya ta’kidladi TIV vakili.

Avval xabar qilinganidek, 2 mart tongiga qadar Ukrainadan Polsha orqali O‘zbekistonga 1186 kishi yetkazilgan. Chorshanba kuni yana ikkita reys amalga oshirilishi kutilmoqda. Hozirda Polshada 800 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari bor.