O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) 2021 yilda tadbirkorlar faoliyatida tekshirishlar o‘tkazishning qonuniyligini monitoring qildi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha bo‘yicha Biznes-ombudsman tomonidan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, nazorat organlari rahbarlariga taqdimnomalar, jinoyat ishlari qo‘zg‘atish bo‘yicha ham takliflar kiritilgan.

2021 yilda Biznes-ombudsman tomonidan aniqlangan eng ko‘p qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan nazorat qiluvchi organlar ro‘yxati:

  • soliq organlari 238 ta;
  • Agroinspeksiya 167 ta;
  • Davlat ekologiya qo‘mitasi 166 ta;
  • Transport vazirligi 129 ta;
  • O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi 120 ta;
  • Sanitariya-epidemiologik xizmati 104 ta;
  • boshqa nazorat organlari 310 ta.

2021 yilda aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan xodim soni eng ko‘p bo‘lgan nazorat organlariga soliq organlari (224 nafari), Ekologiyani muhofaza qilish qo‘mitasi (133 nafari), Transport vazirligi (103), Agroinspeksiya (94), Sanitariya-epidemiologiya xizmati (92), O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi (84), boshqa nazorat organlari (176) kiritilgan.

“2021 yilda Biznes-ombudsman tomonidan Transport vazirligi idoralarining huquqbuzar mansabdor shaxslarini jinoiy javobgarlikka ham tortish bo‘yicha prokuratura organlariga 8 ta taklif kiritilgan va ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 19 nafar nazorat organi rahbariga 55 ta taqdimnoma kiritilishi natijasida huquqbuzarlar intizomiy javobgarlikka tortilgan yoki egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2022 yildan boshlab Biznes-ombudsmanga 9 turdagi huquqbuzarliklar, jumladan, tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish va tekshirishlar o‘tkazish tartibini buzish bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilgan. Ushbu toifadagi huquqbuzarliklar uchun jarimalar BHMning 40 dan 80 baravarigacha miqdorida belgilangan.