AQSh prezidenti Jo Bayden 1 mart kuni mamlakat Kongressida so‘zlagan nutqida Amerika o‘z osmonini Rossiya samolyotlari uchun yopishini ma’lum qildi.

«Biz ittifoqchilarimizga qo‘shilib, Amerika havo hududini Rossiyaning barcha reyslari uchun yopib qo‘yamiz, bu esa Rossiyani yanada yakkalab qo‘yadi va ularning iqtisodiyotiga bosimni kuchaytiradi», — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan sanksiyalar doirasida har qanday rus samolyotlarining YeI hududiga qo‘nishi, uchishi yoki uchib o‘tishi, o‘z kompaniyalariga esa Rossiyaga samolyot va ehtiyot qismlar yetkazib berishni taqiqlagan edi. Rossiya bunga javoban Yevropaning 37 davlati aviakompaniyalari uchun osmonini yopdi.

«Olti kun avval Rossiya [prezidenti] Vladimir Putin ozod dunyoni tahdidkor usullari bilan o‘ziga bo‘ysundirishni o‘ylab, uning asoslarini tebratishga qaror qildi. Ammo u hisobda qattiq adashdi. U Ukrainaga kira olaman va dunyo ostin-ustun bo‘ladi, deb o‘ylardi. Buning o‘rniga, u tasavvur ham qila olmaydigan kuch to‘sig‘iga duch keldi. U Ukraina xalqi bilan to‘qnash keldi. […] Shaharliklar o‘z tanalari bilan tanklar yo‘lini to‘sdilar. Talabalardan tortib, nafaqadagi o‘qituvchilarigacha vatanni himoya qiladigan askarlarga aylandilar», — deydi u.

Jo Bayden AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni sanab o‘tdi va yangi qarshi choralarni e’lon qildi.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligi rossiyalik oligarxlar jinoyatlarini tergov qilish uchun maxsus guruh tuzadi. «Biz Yevropadagi ittifoqchilarimiz bilan yaxtalaringizni, hashamatli apartamentlaringizni, shaxsiy samolyotlaringizni topib, tortib olish uchun hamkorlik qilyapmiz», — dedi davlat rahbari.

AQSh prezidenti Ukrainaga 1 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berilishini ham ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Jo Bayden AQSh harbiylari Ukrainadagi rus qo‘shinlari bilan to‘qnashuvda qatnashmaganini va qatnashmasligini ta’kidladi.

«Bizning kuchlarimiz Yevropaga Ukrainada jang qilish uchun emas, Putin g‘arbga harakat qilishni davom ettirishga qaror qilsa, NATO bo‘yicha ittifoqchilarimizni himoya qilish uchun ketmoqda. Shu maqsadda NATO mamlakatlari, jumladan Polsha, Ruminiya, Latviya, Litva va Estoniyani himoya qilish uchun AQSh quruqlikdagi kuchlari, havo otryadlari va kemalarini safarbar qildik», — dedi u.

«Qo‘shma Shtatlar va bizning ittifoqchilarimiz butun kuchimiz bilan NATO hududining har bir qarichini himoya qiladi», — dedi AQSh prezidenti.

Jo Bayden, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va boshqa 30 ta davlat butun dunyo bo‘ylab zaxiralardan 60 mln barrel neftni chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlaganini e’lon qildi.

«Amerika strategik neft zaxiralarimizdan 30 mln barrelni bo‘shatish orqali bu sa’y-harakatlarga rahbarlik qiladi. Va agar kerak bo‘lsa, ittifoqchilarimiz bilan kuchlarni birlashtirib, ko‘proq narsani qilishga tayyormiz. Bu qadamlar narxlarni pasaytirishga yordam beradi», — dedi u.

«Bu haqiqiy sinov. Bu vaqt talab etadi, — dedi Jo Bayden Ukrainadagi vaziyatga qaytar ekan. — Shunday ekan, keling, Ukraina xalqining temir irodasidan ilhom olishda davom etaylik. […] Putin Kiyevni tanklar bilan o‘rab olishi mumkin, lekin u hech qachon Ukraina xalqining yuragini va qalbini zabt eta olmaydi. U hech qachon ularning ozodlikka bo‘lgan muhabbatini so‘ndirolmaydi. U hech qachon ozod dunyoning qat’iyatini zaiflashtirolmaydi».