Shavkat Mirziyoyev 170 mingdan ortiq otalar farzandlari uchun aliment to‘lamayotganini tanqid qilib, bundan buyon alimentni davlat to‘lab berishi, keyinchalik MIB uni undirib olishini ta’kidladi.

Prezident bu haqda seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«Bugungi kunda 290 mingdan ziyor otalarga farzandlari uchuun aliment to‘lash yuklangan. Lekin 172 ming nafari o‘z farzandi oldidagi majburiyatini bajarishdan bosh tortib kelmoqda. Oqibatda bugungi kunda aliment bo‘yicha qarzdorlik 115 mlrd so‘mdan oshib ketgan», — dedi u.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aliment to‘lovlarini kafolatli ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi.

2022 yil 1 iyuldan boshlab MIBda «Aliment to‘lovlari» jamg‘armasi tashkil etiladi, unga dastlab 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Mazkur mablag‘lar 3 oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan alimentlarni to‘lashga ajratiladi va keyinchalik byuro tomonidan undirib olinadi.

«Nimaga desangiz u otani ishi ham yo‘q, to‘lashga sharoiti ham yo‘q. Buni [to‘lash kerakligini] faqat gapirib qolaveramiz. Bu yangi tizim bo‘ladi. Iloji yo‘qlarga pulini to‘lab beramiz, keyin MIB o‘zi bu pullarni yig‘ib oladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.