Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hukmron partiyaning navbatdan tashqari qurultoyida Ukrainadagi vaziyatga munosabat bildirdi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.

«Biz har ikkila davlatni ham muzokaralar stolida til topishishga chaqiramiz. Xayrli janjaldan ko‘ra zaif tinchlik yaxshiroq», — deya ta’kidladi u.

«Bizning pozitsiyamiz davlatimiz xavfsizligi, suverentiteti, hududiy yaxlitligini ta’minlashning muhim ehtiyojidan kelib chiqishi kerak. YeXHT sammitini o‘zida qabul qilgan mamlakat sifatida Yevroosiyo xavfsizligining bo‘linmasligi prinsipiga tayanamiz. Bu haqda men 10 fevral kuni Moskvaga tashrifim chog‘ida aytib o‘tgandim», — dedi u.

«Xavfsizlikning bo‘linmasligi va umumiyligi prinsipi o‘zaro ishonch asosida o‘zaro tushunishni nazarda tutadi. Afsuski, bu sodir bo‘lmadi. Minsk kelishuvi qog‘ozda qolib ketishi Ukraina hududida harbiy harakatlarga sabab bo‘ldi. Geosiyosiy vaziyat misli ko‘rilmagan tarzda keskinlashib ketdi. Va endi bu tendensiyaning qaytarilmasligi haqida gapirish vaqti keldi. Ming afsus. Shuning uchun biz ikkala mamlakatni ham muzokaralar stolida til topishib olish, kelishuv va shartnomalarga erishishga chaqirib qolamiz. Boshqa yo‘l yo‘q. Tinchliksiz rivojlanish ham bo‘lmaydi», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

«Qozog‘iston zarur bo‘lsa, vositachilik xizmatlarini o‘z ichiga olgan har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyor», — deya so‘zini yakunladi u.

Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar «qator ustuvor mavzularni aniqlab oldilar, ular bo‘yicha muayyan qarorlar aniqlab olindi», dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak. U muzokaralarni «og‘ir» deb atadi, ammo «ular qandaydir majburiy ultimatumlarsiz o‘tganini» ta’kidladi. Rossiya delegatsiyasi a’zosi Leonid Slutskiy esa «muzokaralarning asosiy natijasi, ushbu muzokaralar bo‘lib o‘tganida va tomonlar bir-birini eshita olganida», dedi.