1 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev telekanallarda efirga uzatilayotgan ayrim seriallarni tanqid qildi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning yozishicha, «yig‘ilishda bugun seriallarda xotin-qizlar obrazi juda yuzaki, salbiy bo‘yoqlarda tasvirlanayotgani yurtdoshlarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani aytilgan».

«Eng achinarlisi, bunday holatlar dunyoqarashi hali shakllanmagan qizlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Mutasaddilarga ibratli xotin-qizlar obrazlari aks ettirilgan yuksak badiiy, kino va sahna asarlari yaratish choralarini ko‘rish, buning uchun ijodkorlarga maqsadli grantlar ajratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Shu o‘rinda, oqila qizlarimizga ko‘nglimdagi bir fikrni aytmoqchiman. Bugun biz ochiq jamiyatda yashayapmiz. Bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, ilg‘or g‘oyalarni o‘zlashtirishimiz kerak. Lekin, milliy qiyofamizga putur yetkazadigan illatlardan ehtiyot bo‘lishimiz, o‘zligimizni yo‘qotmasligimiz shart», — dedi davlat rahbari.

Ibo-hayo, poklik, sabr, shukronalik, ilmga intilish singari ezgu qadriyatlarni targ‘ib qiladigan mobil ilovalar va internet platformalarini yaratish muhim ekani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda Sevimli telekanali orqali namoyish etilayotgan «Sabriya» milliy serialidagi ahloqsizlik sahnalari jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Mazkur holatga AOKA munosabat bildirib, holat yuzasidan o‘rganish ishlarini boshladi.

«Gazeta.uz» avvalroq «Sabriya» seriali bilan bog‘liq holat yuzasidan Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Sevimli telekanali rahbari Amira Rashidova va Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov munosabatini e’lon qilgandi.

Shundan so‘ng, Sevimli telekanalidagi «Sabriya» teleseriali tanqididan so‘ng telekanal bosh direktori va bosh muharriri lavozimini tark etdi, telekanal kuzatuv kengashiga esa vaqtinchalik Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qiladigan bo‘ldi. «Gazeta.uz» bu holat telekanal davlat buyurtmasi asosida filmlar suratga olishida manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi. Sababi Sevimli telekanali ta’sischilari Firdavs Abduholiqovning qizi va o‘g‘li (Amira Rashidova — 20%, Abdullajon Abduxoliqov — 10%) hisoblanadi.

Keyinchalik Kinematografiya agentligi matbuot xizmati Sevimli telekanalida namoyish etilgan «Sabriya» va «Daydi qizning daftari» seriallari agentlik buyurtmasi asosida suratga olinmaganini ma’lum qildi. Telekanal agentlik bilan hamkorlikda «Orzular palatasi», «Ona zamin» va «Tuzok» seriallarini suratga olgan.

Voqealar rivojida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov va Sevimli telekanali rahbariyati afillanganligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi. Uning natijalariga ko‘ra, Firdavs Abduxoliqov va uning turmush o‘rtog‘i, qizi hamda o‘g‘li ta’sischilari bo‘lgan Sevimli TV o‘rtasida shartnomalar tuzish va subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Shundan so‘ng hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.

Yakunda ma’muriy ish sudda ko‘rib chiqilib, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘zining oila a’zolariga qarashli bo‘lgan Sevimli TV`ga davlat buyurtmalarini berganlikda aybli deb topildi. U maksimum jazoga — BHMning 30 baravari (8,1 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Bu yuqori darajadagi davlat xizmatchisi manfaatlar to‘qnashuvi uchun javobgarlikka tortilgan birinchi holat.