28 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «AQSh va ularga qo‘shilgan xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning nodo‘stona harakatlari munosabati bilan maxsus iqtisodiy choralarni qo‘llash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi, deya xabar qildi RIA Novosti.

Hujjat quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

  • tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari 2022 yil 1 yanvardan boshlab xorijdan olingan xorijiy valyuta o‘tkazmalarining 80 foizini sotish majburiyatini oladilar. Shu vaqtga qadar to‘plangan mablag‘lar uch kun ichida sotilishi kerak. Jarayonni nazorat qilish Rossiya bankiga topshirildi;
  • rezidentlarga norezidentlar foydasiga valyutani qarz sifatida o‘tkazish operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlanadi;
  • rezidentlarga xorijdagi bank va tashkilotlarda ochilgan hisobvaraqlariga xorijiy valyutani kiritish, shuningdek, xorijiy elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda hisob ochmasdan mablag‘ o‘tkazish taqiqlanadi.

«Bu xorijga barcha pul o‘tkazmalari haqiqatda to‘xtatilganligini anglatadi, — deya aniqlik kiritdi Oliy Iqtisodiyot maktabi qoshidagi Bank instituti direktori Vasiliy Solodkov «Meduza»ga. — Siz jismoniy shaxs sifatida hisobingizga pul o‘tkaza olmaysiz, shartnoma bo‘yicha to‘lay olmaysiz, xorijiy to‘lov tizimlaridan foydalangan holda pul o‘tkaza olmaysiz. Har qanday transfer imkonsiz bo‘lib chiqadi, bu hisob-kitoblarning to‘xtatilishi degani».

Joriy yilning 31 dekabriga qadar korxonalar o‘zlari joylashtirgan qimmatli qog‘ozlarni (ularning umumiy sonini kamaytirish maqsadida muomalada bo‘lgan aksiyalarni sotib olishdan tashqari) bir qator shartlar asosida sotib olishlari mumkin.

Farmon banklarga boshqa tashkilotdan mablag‘ o‘tkazish haqida gap ketganda, jismoniy shaxsning shaxsiy ishtirokisiz yoki uning vakili ishtirokisiz hisob raqamini ochishga ruxsat beradi. Buning uchun hisob allaqachon ochilgan moliya tashkiloti jismoniy shaxsni identifikatsiya qilish uchun ma’lumot taqdim etishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan G‘arb davlatlari tomonidan mamlakatning beshta yirik banki, jumladan, Sberbank va VTBga sanksiya joriy etildi. Ayrim davlat kompaniyalari uchun xorijdan kapital jalb qilish qiyinlashdi. Yevropa Ittifoqi har qanday rus samolyotlariga Ittifoq davlatlari hududiga qo‘nish, uchish yoki uchib o‘tishni taqiqladi.