Seshanba kungi videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimining barcha pog‘onalarida o‘qishga intilgan xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanishi va ularga sharoit yaratib berilishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilinadi.

Dastur doirasida poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.

«Shuningdek, ayni paytda ayollarimiz ulushi past bo‘lgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi OTMlarda xotin-qiz talabalar ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizgacha yetkaziladi. Buning uchun har yili xotin-qizlarning talaba bo‘lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun maqsadli ajratiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. «Bu imkoniyat hali bizning tariximizda umuman bo‘lmagan», — dedi prezident.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan 23 ming nafar qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab beriladi. Buning uchun 200 milliard so‘m ajratiladi.

Har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi.

Har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab beriladi.

Ësh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi. Doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Davlat rahbari maktabda o‘qiyotgan qizlar va mahalladagi ayollarning kasb-hunar egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

2022 yil 1 iyundan boshlab bu borada yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi:

  • har bir viloyatdagi monomarkazlar va oliygohlar qoshida Malakani baholash markazlari tashkil etiladi;
  • ushbu markazlar ayollarni talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qishini tashkil etadi va keyin ularga malakasini tasdiqlab beradi;
  • markazlarda «ustoz-shogird» an’analari asosida tajriba to‘plagan xotin-qizlar ham malaka hujjati olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar;
  • markazlar orqali 2022 yilda 30 ming nafar xotin-qizlarni talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitib, malaka hujjati berish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy qilinadi;
  • har yili maktab va kollejlarni bitirayotgan 20 ming nafar qizlarni IT sohasida o‘qitish bo‘yicha ham davlat buyurtmasi bo‘ladi;
  • 2023 yildan ushbu tizim chet tillarini o‘rganish yo‘nalishida ham joriy etiladi.

Bugungi kunda 400 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti ayollarni kasbga o‘qitish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yaxshi tajriba yaratdi.

Shu bois, qishloq joylarida bunday loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat tashkilotlarga 2 milliard so‘mgacha grantlar ajratiladi.

O‘zi yoki qaramog‘ida nogironligi bor yaqini bo‘lgan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish borasida, nodavlat notijorat tashkilotlariga berilayotgan grantlar miqdori 5 baravarga oshirilib, 200 million so‘mgacha yetkaziladi. Amalda 40 million so‘m.

«Ayollar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish uchun, qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratamiz», — dedi prezident.

Buning uchun, eng avvalo, tadbirkor ayollar ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga yetkazish bo‘yicha 2022−2024 yillar uchun «Biznes ayollar» dasturi qabul qilinadi. Ushbu dastur ijrosiga jami 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.