2022 yilning fevral oyida iste’mol sektoridagi inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,51 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilning fevral oyiga nisbatan 9,69 foizga teng bo‘ldi. 2022 yilning yanvar-fevral oylarida iste’mol bozorida narxlarning o‘sish sur’ati 1,4 foiz, o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati esa 0,7 foizga to‘g‘ri kelgan.

Taqqoslash uchun: 2021 yilning yanvar-fevral oylarida inflyatsiya 1,7 foizni, o‘rtacha oylik o‘sish surati esa 0,8 foizni tashkil etdi (2020 yilda mos ravishda 1,4 va 0,7 foiz). 2021 yilning fevral oyida yillik inflyatsiya 11,4, 2020 yilda esa 13,5 foiz bo‘lgan.


2022 yilning fevral oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshdi. Yillik hisobda esa ushbu mahsulotlar 13,1 foizga qimmatlashgan.

Bu davrda nooziq-ovqat mahsulotlar va aholiga pullik xizmatlar 0,5 foizga qimmatlashgan. Yillik nisbatda nooziq-ovqat mahsulotlar 7,7 foizga, pullik xizmatlar narxlari esa 6,5 foizga oshgan.

Fevralda go‘sht, sut, boshqa sut mahsulotlari va tuxum narxlari sezilarsiz darajada (0,1 foiz) arzonlashdi. Shuningdek, yog‘-moy mahsulotlari narxlari ham (0,2 foiz) pasaydi.

Yillik nisbatda bug‘doy uni va suyakli mol go‘shti narxlari 9 foiz, qo‘y go‘shti 8,4 foiz va yangi sog‘ilgan sut narxlari 15,2 foiz darajasida o‘sgan. Bundun tashqari, 2021 yilning fevraliga nisbatan paxta yog‘i 27 foizga, kungaboqar yog‘i 26,4 foizga, shakar 22,7 foizga, sariyog‘ esa 12,6 foizga qimmatlashgan.


Mevalardan faqat mandarin (1,1 foizga), sabzavotlardan esa kartoshka narxlari (0,5 foizga) biroz arzonlashgan. Qolgan barcha asosiy meva-sabzavotlar narxida o‘sish kuzatilgan.

2022 yilning fevralida spirtli ichimliklar 0,5 foiz, jumladan, aroq 0,7 foiz, konyak va pivo 0,2 foiz, vino 0,1 foizga qimmatlashdi. Tamaki mahsulotlari ushbu davrda 0,5 foiz, shu jumladan, sigaretlar 0,6 foiz, boshqa tamaki mahsulotlari 0,3 foizga qimmatlashdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning yanvar oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,9 foizni, yillik nisbatda esa 9,8 foizni tashkil qilgandi. Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,3 foizga oshgan, eng qimmatlagan sohalardan biri restoran va mehmonxonalar xizmatlari bo‘ldi.