Rossiya milliy aviakompaniyalarga nisbatan G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga javob tariqasida 37 davlat samolyotlari uchun o‘z osmonini yopdi, deya xabar qildi Rosaviatsiya.

«Xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq, Yevropa davlatlarining Rossiya va/yoki Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan aviatashuvchilar ekspluatatsiya qilayotgan yo‘lovchi havo kemalari parvozlarini amalga oshirishga cheklovlariga javob tariqasida 36 ta davlat aviatashuvchilari parvozlariga cheklovlar joriy etildi», — deyiladi xabarda.

Cheklovlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari: Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Finlyandiya, Fransiya, Xorvatiya, Chexiya, Shvetsiya va Estoniya samolyotlariga nisbatan qo‘llaniladi.

YeIdan tashqarida esa: Albaniya, Angilya, Buyuk Britaniya, Britaniya Virjiniya orollari, Gibraltar, Jersi, Kanada, Norvegiya.

Xabarda qayd etilishicha, mazkur davlatlar Rosaviatsiya yoki Rossiya TIV tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma bilan parvozlarni amalga oshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan bir qator davlatlar, xususan YeIga a’zo 27 davlat va Kanada RF yo‘lovchi samolyotlari uchun o‘z havo hududlarini yopgan edi.