Abdulla Qo‘ldoshev favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga ma’qullandi

Deputatlar favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga Abdulla Qo‘ldoshev nomzodini ma’qulladi. U mahalla vaziri lavozimiga o‘tgan Tursinxan Xudaybergenov o‘rnini egallaydi.

Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi tashkil etildi, Zulayho Mahkamova unga rahbarlik qiladi

O‘zbekistonda Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi tashkil etildi. Deputatlar Zulayho Mahkamova nomzodini qo‘mita rahbari va bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga ma’qullashdi. U oldinroq To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi va Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Tursinxan Xudaybergenov mahalla vaziri v.b. lavozimiga ma’qullandi

Deputatlar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri vazifasini v.b. lavozimiga Tursinxan Xudaybergenov nomzodini ma’qulladi. U 2018 yilning aprelidan beri FVVga rahbarlik qilib kelayotgandi. Qolaversa, Tursinxan Xudaybergenov prezident maslahatchisi lavozimini ham saqlab qoldi.

Mart oyida beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

Mart boshida havo iliq bo‘ladi, 5 mart kunidan esa ob-havo yomonlasha boshlaydi. Oy yakuniga qadar martga xos beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. O‘zgidromet bahorning ilk oyi qanday bo‘lishi, qaysi yillarda mart oyi eng issiq va eng sovuq bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.

2021 yilda O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 3 mlrd dollarga ortdi

2021 yil davomida O‘zbekiston davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga ko‘payib, 26,3 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 38 foizni tashkil etdi. Tashqi qarzning 25,2 foizi yoki 5,9 mlrd dollar davlat budjeti uchun jalb qilingan.

Yangi o‘quv yilidan 23 ming magistr qizning kontrakti pullari budjetdan to‘lab beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi o‘quv yilidan magistraturada o‘qiyotgan 23 ming nafar qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplanishini ma’lum qildi. Buning uchun 200 mlrd so‘m ajratiladi. Har yili aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlarida xotin-qizlar uchun kvotaning kamida 50 foizi maqsadli ajratiladi. To‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi.

«Qizlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti». Shavkat Mirziyoyev ayrim seriallarni tanqid qildi

Prezident telekanallarda efirga uzatilayotgan ayrim seriallarni tanqid qilib, xotin-qizlar obrazi salbiy bo‘yoqlarda tasvirlanayotgani dunyoqarashi hali shakllanmagan qizlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga ibratli xotin-qizlar obrazlari aks ettirilgan kino va sahna asarlari yaratishni buyurdi. Buning uchun ijodkorlarga grantlar ajratish zarurligi aytildi.

O‘zbekistondagi barcha mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy qilinadi

Prezident O‘zbekistondagi 9309 ta mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy qilinishi, ular ayollar masalasi va ularning dardu-tashvishiga javob berishini ma’lum qildi. Davlat rahbari shuningdek, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha farmonni imzolagani, qo‘mitaning hududiy rahbarlari hokimga o‘rinbosar bo‘lishini aytdi.

1 sentabrdan xususiy sektorda ishlayotganlarga homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan to‘lab beriladi

Shavkat Mirziyoyev videoselektorda homiladorlik nafaqasini to‘lamaslik uchun tadbirkorlar ayollarni ishga olmasligini tanqil qildi. Ta’kidlanishicha, 1 sentabrdan xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan kafolatli to‘lab beriladigan tizim yaratiladi. Endi ularga 4 oyga 2 mln so‘m miqdorida bir martalik nafaqa beriladi.

Fevral oyida iste’mol sektorida inflyatsiya 0,5 foizga teng bo‘ldi

2022 yilning fevral oyida iste’mol sektoridagi inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,51 foizni, yillik nisbatda esa 9,69 foizni tashkil qildi. Oy davomida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, ularning narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshdi. Yillik hisobda esa ushbu mahsulotlar 13,1 foizga qimmatlashgan.

Moliya vazirligi o‘quv markazi o‘tkazgan qariyb 700 mln so‘mlik tenderda aka-ukaga tegishli ikkita firma qatnashdi

Moliya vazirligi qoshidagi o‘quv markazi «Moliyachi ma’lumotnomasi» byulletenini chop etish uchun qariyb 700 mln so‘mlik tender e’lon qildi. Unda aka-ukaga tegishli ikkita firma qatnashgan, xolos. Moliya vazirligi «Gazeta.uz» taqdim etgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, ular tasdig‘ini topgan taqdirda, tender bekor qilinishini bildirdi.

Evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklarning uchinchi reysi Katovitsedan uchib ketdi

Ukrainadan evakuatsiya qilingan 253 nafar o‘zbekistonlik chiqqan uchinchi maxsus reys Polshaning Katovitse shahridan Toshkentga qarab uchib ketdi. Bort taxminan 20:45 da qo‘nishi kutilmoqda.

Yana 258 nafar Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi

1 mart kuni ertalab Uzbekistan Airways`ning ikkinchi maxsus reysi Ukrainadan evakuatsiya qilingan 258 nafar O‘zbekiston fuqarosini Polshadan olib keldi.

SSV YUNISEF bilan birgalikda $102,5 mlnlik loyihalarni amalga oshiradi

Sog‘liqni saqlash vazirligi va YUNISEF o‘rtasida 2022−2025 yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi» imzolandi. U to‘rtta asosiy yo‘nalishdan iborat vazifalarga jami 102,5 mln dollar ajratiladi. Hamkorlik doirasida perinatal markazlardagi tibbiyot xodimlarining malakasi oshiriladi, bolalar viruslarga qarshi emlanadi, shifoxonalar zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, maktab o‘quvchilari salomatligi bilan bog‘liq milliy strategiya ishlab chiqiladi.

Yerni rasmiylashtirib berish uchun $200 ming so‘ragan davlat xizmatchisi ushlandi

Namangan viloyatida yerni rasmiylashtirib berish uchun 200 ming dollar so‘ragan davlat xizmatchisi qo‘lga olindi. Samarqand viloyatida Milliya gvardiya xodimi 6 gektar yerni 157 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganligi aniqlangan. DXX boshqa hududlarda ham noqonuniy yer sotilishi holatlarini aniqladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Uyqusiz to‘rt kun». Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar taassurotlari

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining bortida Ukrainadan evakuatsiya qilingan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan birinchi samolyoti 28 fevral kuni Toshkent shahriga kelib qo‘ndi. Samolyot Polshaning Katovitse shahridan 251 o‘zbekistonlikni olib keldi. «Gazeta.uz» muxbiri maxsus reys fuqarolari va uchib kelish zalida ularni kutib olayotgan insonlar bilan muloqot qildi.