Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan 283-sonli maktab o‘quvchilariga qizil galstuk taqdirilganligi holati «pionerlikka qaytish» deya tariflangani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur holatga Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, maktab ma’muriyati maktabning 28 fevraldagi ochilish marosimiga ota-onalar bilan kelishilgan holda «boshlang‘ich sinflarga erkaklar galstukining qizil rangini, katta sinflarga ko‘k rangini taqish» tanlagan.

Qolgan kunlari maktab galstuk taqishni talab qilmagan, oq ko‘ylak, to‘q ko‘k shimda kelishi zarurligi aytilgan.

«Mazkur masalaga siyosiy tus bermaslikni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

283-sonli maktabning 540 o‘rinli binosi 26 fevral kuni foydalanishga topshirilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, pionerlik harakati — turli mamlakatlarda bolalar kommunistik tashkilotining jamoaviy nomi hisoblanadi. U ilk bor 1922 yilda SSSRda tuzilgan. Uning asosiy belgisini pionerlik bo‘yinbog‘i (old tomondan tuguncha qilib bog‘langan qizil rangli mato) aks ettirgan. U erkaklarning oddiy bo‘yinbog‘idan keskin farq qiladi.