Yevropa Ittifoqining barcha 27 ta a’zo-davlati Rossiya Federatsiyasi samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopgan. Shuningdek, Kanada Yevropa hududidan tashqarida joylashgan davlatlar orasida parvozlarni cheklagan ilk mamlakat bo‘ldi

Parvozlarni cheklash Buyuk Britaniyadan boshlandi, u Rossiya aviakompaniyasi bo‘lgan Aeroflotning Buyuk Britaniyaga uchish uchun berilgan litsenziyasini bekor qildi. Natijada 25 fevral kuni 11:00 Angliya bilan bog‘liq bo‘lgan barcha aviaqatnov va tranzitlarning Rossiyaga uchishi cheklayedi.

Biroz o‘tib, Polsha va Chexiya Rossiya uchun o‘z havo hududini yopib qo‘ydi. Polsha tranzit qatnovlari uchun muqobil yo‘nalishlarni ishlab chiqishga va’da berdi. Bunga javoban, “Aeroflot” Praga va Varshavaga bo‘lgan reyslarni 2022 yil 28 martgacha to‘xtatdi.

Buyuk Britaniya, Polsha, Chexiyadan so‘ng Bolgariya ham Rossiya samolyotlarining o‘z havo hududiga kirishi va qo‘nishiga taqiq qo‘ydi. O‘z navbatida, Rossiya ham Polsha, Chexiya va Bolgariya uchun o‘z havo maydonini yopdi. Ushbu harakatini rus hukumati mazkur davlatlardagi “aviatsiya hukumatining nodo‘stona qarorlari bilan bog‘liq” deya izohladi.

Ushbu ro‘yxatda beshinchi bo‘lib Estoniya qo‘shildi. 26 fevral kuni Estoniya Polsha tashabbusiga qo‘shilishi va barcha rus aviakompaniyalariga o‘z havo hududidan foydalanishni taqiqlashini bildirdi.

Birozdan so‘ng Latviya va Litva ham yuqoridagi davlatlarga qo‘shilib, rus samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopdi. Litva osmonining yopilishi Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga parvozlarini murakkablashtirdi. Rosaviatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya aviakompaniyalari ushbu hududga parvozlar uchun Boltiq dengizining neytral suvlari orqali havo yo‘llaridan foydalanishadi.

Rossiya samolyotlariga Ruminiya, Sloveniya, Avstriya, Daniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Nederlandiya, Belgiya, Shvetsiya, Islandiya, Norvegiya, Albaniya, Vengriya, Portugaliya, Slovakiya, Finlandiya, Xorvatiya, Malta, Lyuksemburg, Kipr, Shimoliy Makedoniya va Gretsiya ham birin-ketin taqiq qo‘yishni boshladi.