Vaqti va joyi bir necha marotaba ko‘chirilgan Moskva va Kiyev delegatsiyasi o‘rtasidagi muzokaralar bugun, 28 fevral kuni Gomel viloyatida boshlandi, deb xabar bermoqda UNIAN va BelTA.

Zelenskiy ofisi muhokamalarning asosiy mavzusi o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqib ketish ekanligini ma’lum qilgan.

Ukraina delegatsiyasi tarkibidan mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak, hukmron «Sluga naroda» partiyasi fraksiyasi rahbari David Araxamiya, deputat Rustem Umerov va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nikolay Tochitskiy va uchtomonlama muloqot guruhida ukraina delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Andrey Kostinlar o‘rin olgan.

Rossiya delegatsiyasiga Vladimir Putinning yordamchisi, sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy boshchilik qilmoqda. Delegatsiyasi tarkibidan shuningdek, TIV rahbari o‘rinbosari Andrey Rudenko, mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin, Rossiyaning Belarusdagi elchisi Boris Grыzlov va deputat Leonid Slutskiy o‘rin olgan.

Vladimir Medinskiy sal avval jurnalistlarga bergan intervyusida muzokaralar Ukraina tomoni tufayli kechikkanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF delegatsiyasi 27 fevral, yakshanba kuni Ukraina delegatsiyasi bilan kelishilgan hudud — Ukraina chegarasiga yaqin bo‘lgan Belarusning Gomel viloyatiga yetib kelgan, ammo Ukraina tomoni logistikadagi muammolar tufayli muzokaralarga bugun, 28 fevral kuni, kelishi haqida xabar berishgan.

Medinskiy shuningdek, Ukraina bilan muzokaralar oldidan Rossiya delegatsiyasi umuman uxlamaganini ma’lum qilgan.

RIA Novostining so‘nggi xabariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya delegatsiyasi uchrashuv uchun belgilagan vaqt tugashiga 10 daqiqa qolganida Ukraina muzokaralarda ishtirok etishini tasdiqlagan.

Muzokaralar Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning tashabbusiga ko‘ra boshlangan. Xavfsizlik nuqtai-nazaridan muzokaralarning aniq joyi aytilmayapti.

Muzokaralarning qancha davom etishi ham hozircha ma’lum emas.

Ayni vaqtda yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Moskva va Kiyev vakillari o‘rtasidagi muzokaralarni «birinchi qadam» deya baholab, muzokaralarni olqishlashini e’lon qildi. Germaniya hukumati, Xitoy TIV rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni olqishlashlarini bildirishgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni Donbass hududida Ukrainani «delimitarizatsiya va denatsifikatsiya» qilishga qaratilgan «maxsus harbiy operatsiya» boshlangani haqida e’lon qilgan edi.