Navoiy viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Nevrologiya bo‘limi mudiri bemorning onasini jinsiy aloqaga majburlagani ortidan tibbiyot markazi rahbari ishdan bo‘shatildi, deb xabar berdi SSV.

Avvalroq, Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati bemorning onasini jinsiy aloqaga majburlab kelganlikda gumonlab, bo‘lim mudiri K.R.ni hibsga olgandi.

Shifokor bemor, ikkinchi guruh nogironi G. I ning onasi T.L ni farzandining davolanganligi bo‘yicha 1,5 oy davomida kasallik varakasini (ko‘chirma) bermasdan, buning evaziga uni jinsiy aloqa qilishga majburlab kelganlikda gumonlanmoqda. Unga nisbatan JKning 121-moddasi (ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Shundan so‘ng, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi illatlarga nisbatan murosasiz munosabatda ekanligini, tibbiyot xodimlarining qadr-qimmati va insonlik sha’ni oyoqosti qilinishiga qarshiligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bunday holatlarda hodisaning asl mohiyati aniqlashtirilgach, yakuniy xulosaga kelish maqsadga muvofiq.

«Shu bilan birga, jamoada odob-axloq qoidalarini nazorat qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi va qo‘l ostidagi xodimlari ustidan yetarli nazorat o‘rnatmagani uchun markaz direktori Sh. Xudayberdiyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, vazirlikning Komplayens, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga tegishli tartibda tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilgani aytilmoqda.

SSV fuqarolar va tibbiyot xodimlaridan tizimdagi noqonuniy xatti-harakatlar haqida 71−241−10−65 telefon raqami orqali xabar berishlarini so‘ragan.