Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainadan evakuatsiya qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga olib kelish uchun tashkil etilayotgan maxsus aviareyslar uchun chiptalar sotilayotganligi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmoqda, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

«Fuqarolardan shu kabi xabarlarga ishonmasliklarini, maxsus aviareyslar [Uzbekistan Airways Polshaning Katovitse shahridan] O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan bepul tashkil etilayotganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda. Transport vazirligi fuqarolardan pullik parvozlar haqidagi xabarlarga ishonmaslikni so‘radi.

Vazirlikning eslatishicha, O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan evakuatsiya qilish Tashqi ishlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvlroq Uzbekistan Airways kompaniyasining Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar chiqqan maxsus borti Polshaning Katovitse shahridan Toshkentga qarab uchib ketgani haqida xabar berilgandi. Bugun yana bitta maxsus reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan, ikkinchi bort allaqachon Toshkentdan uchib ketdi.