O‘zbekiston elchixonasiga tegishli bo‘lgan mikroavtobus O‘zbekiston fuqarolarini Xarkovdan evakuatsiya qilayotgan paytda shrapnel (dumaloq o‘qlar to‘ldirilgan artilleriya snaryadi) parchasi kelib urilgan. Bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov «Daryo» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Xarkovda elchixonaga tegishli diplomatik mikroavtobusning oldi oynasiga, yon tomonni ko‘rsatuvchi oynalariga snaryad parchasi zarar yetkazgan. Shrapnel tushgan deyishdi», — dedi elchi. Hodisaning qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Elchining savdo-iqtisoliy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Bobur Rasulovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, oskolka tushgan vaqtda mikroavtobus turargohda turgan bo‘lgan.

Alisher Kurmanovning aytishicha, hodisa oqibatida fuqarolar jabrlanmagan.

«Diplomatimiz talabalar bilan birgalikda poyezdga chiqib, Lvovga yetib olishi kerak edi. Xarkovdan mashinada chiqib ketish judayam qiyin va xatarli edi. Mashinada yetib borolmasdik. Biz imkon qadar manzilga tez borishimiz kerak edi. Mashinaga zarar yetgan, uning ustiga yonilg‘i ham tugagandi. Shu sababli mikroavtobusni vokzalda qoldirdik», — dedi Alisher Kurmanov.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat tinchiganidan so‘ng o‘zbek diasporasi vakillaridan mashinani boshqa joyga olib qo‘yish iltimos qilinadi.

Dushanba kuni Ukraina ichki ishlar vaziri Anton Gerashenko Xarkov Rossiya qo‘shinlarining «Grad» rusumli yalpi o‘q otish tizimining ommaviy zarbalariga duch kelganini ma’lum qildi. Qutqaruvchilarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng turli og‘irlikdagi jarohatlar bilan 31 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Xarkov viloyati ma’muriyati rahbari o‘qqa tutish paytida 11 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.