Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Velosipedda oyog‘im bitta
ekanini unutaman
Bir sportchi hikoyasi
Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Velosipedda oyog‘im bitta
ekanini unutaman
Bir sportchi hikoyasi
2010-yilda 11 yoshli Abror Artikovni poyezd urib yubordi. Bolaning oyog‘ini son qismidan kesib tashlashdi. U yangi reallikni qabul qilishga harakat qilardi va bir marta velosipedga minib ko‘rdi. Bir necha marotaba yiqilib, ko‘karib, muvozanatini maromiga keltirdi. Abror uchib ketdi. Ko‘p o‘tmay u velosport bo‘yicha murabbiy bilan tanishib, professional tarzda shug‘ullana boshladi. Bu hikoya O‘zbekiston terma jamoasi parasportchilaridan birining yengilmas ruhiyati haqida. Abrorning ustozi bu unga Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarilishiga yordam berishiga ishonadi.
Abror Artikov 23 yoshda. U Chirchiqda yashaydi, professional velosportchi, toqqa chiqadi, ikki urinishda 100 marta yerturtki mashqini bajaradi hamda Jismoniy tarbiya va sport universitetining 2-bosqich talabasi sifatida futbol nazariyasi va metodikasi bo‘yicha tahsil oladi. Do‘stlari uni Abi deb atashadi. Bir paytlar oyog‘idan ayrilganiga qaramay, uning hayoti imkoniyatlarga to‘la.
Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
«Mag‘lubiyat, bu — senda nimadir noto‘g‘ri deb o‘ylashdir»
«Bu 12 yil oldin sodir bo‘lgan. O‘shanda 6-sinfda o‘qirdim. Baxtsiz hodisa. Beparvolikdan, deyishadi-ku. Temir yo‘lda uyga qaytayotganimda poyezd urib ketdi. O‘sha voqea hayotimni undan oldingi va keyingi davrga bo‘lgan», — deydi Abror.

“Oldingi” hayot — bu bezorilik va boksga tushishni yaxshi ko‘radigan oddiy sho‘x bolaning hayoti. Uning ota-onasi boksga bo‘lgan ishtiyoqiga qarshi edi, chunki bu sport turida mayib bo‘lish xavfi bor edi. Ayniqsa, onasi xavotirda edi. Sevimli mashg‘ulotdan voz kechishga to‘g‘ri keldi, lekin hech qisi yo‘q. Abror aytganidek, boksga qo‘yishmaganidan uzoq vaqt xafa bo‘lib yurmadi, chunki uning futboli ham bor edi.

«Darslardan so‘ng sinfdoshlarim bilan futbol maydonida tez-tez to‘p tepardik. Bu menga juda yoqardi. Har doim uyga usti-boshim chang bo‘lib qaytardim», — deb eslaydi u.

Abror bolaligida shifokor bo‘lishni va odamlarni qutqarishni orzu qilgan. Buni ilk bor «Doktor Xaus» serialini tomosha qilganida anglab yetdi. Har bir yangi seriyada u tobora ko‘proq beqiyos Gregori Xausga o‘xshashni xohlardi. Ammo taqdirning rejalari boshqa edi. U shifokor bo‘lolmadi, kasalxonalarni ko‘raverishdan esa to‘yib ketganini tan oladi.

Fojia sodir bo‘lgan yili Abror uchta operatsiyani boshidan o‘tkazdi. Uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (16-sonli shahar shifoxonasi — tahr.) jarrohi Tohir Sodiqovich qutqarib qoldi.

«Biz haligacha u bilan gaplashib turamiz, bir-birimizga qo‘ng‘iroq qilamiz. Baʼzida esa menikiga mehmonga ham keladi. Uni uyimizda doim xursandchilik bilan kutib olishadi, – deydi yigit. — Bir paytlar meni Toshkentga hech bo‘lmaganda bir soat oldin olib kelishganida, balki oyog‘imni saqlab qolgan bo‘lishlarini — qayta tikib qo‘yilgan bo‘lishini aytgandi. Ammo bo‘ladigan narsa sodir bo‘lgandi».
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Abrorning eslashicha, avvaliga u o‘ziga nima bo‘layotganini to‘liq anglab yetmagan. Endi nimadir qilib bitta oyoq bilan yashash kerakligini tushunish qiyin edi. U bunga ishonishdan bosh tortardi va doimo o‘ziga «Nega men? Nima uchun?» degan savollarni berar, lekin adolatli javob topolmasdi.

Ota-onasi doimo Abrorning yonida bo‘lishdi va o‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashdi, shu orqali uning dardini sal bo‘lsa-da yumshtaishdi. Oila kamtarona yashaydi: onasi maktabda farrosh bo‘lib ishlaydi, otasi esa yuk ko‘taruvchi.

«Shunga qaramay, ota-onam men uchun hamma narsani muhayyo qilishardi va qo‘llaridan kelgancha harakat qilishardi. Buning uchun ulardan juda minnatdorman», - deydi u.

Oilasi Abrordan ko‘nglini tushirmasligini so‘radi. U ota-onasiga birdaniga quloq solmadi, lekin vaqt Abrorning asosiy kuchi — yengilmas ruhiyatida ekanligini anglab yetishga imkon berdi.
реклама
реклама
«Ha, bir oyoqli ekanligim uchun, ayniqsa, bolalar tomonidan mazax qilishlar bo‘lardi. Ha, bu menga qattiq tegardi. Lekin hozir bunga eʼtibor bermaslikni va hech kimdan xafa bo‘lmaslikni o‘rgandim, — deydi yigit. — Agar sizda biror narsa noto‘g‘ri deb o‘ylasangiz, siz allaqachon yutqazgan bo‘lasiz. Salbiy fikrlar bilan o‘zingizni yo‘q qilmang va zaiflikka berilmang. Menimcha, hayot, qanchalik nordon limon tashlamasin, baribir go‘zal».

Bir necha operatsiyalarni boshdan kechirgandan so‘ng Abror olti oy nogironlar aravachasida o‘tirdi. Keyin otasi unga qo‘ltiqtayoqlar olib kelib, ularda yurishni o‘rgatdi. Uyda protez bor, lekin uning vazni to‘qqiz kilogramm bo‘lgani uchun Abror uni kamdan-kam taqadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ltiqtayoqlarda u ancha oson va tezroq harakatlana oladi.

Abror ikkinchi guruh nogironligiga ega. Uning nafaqasi oyiga 600 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu kamroq mablag‘, to‘kin-sochin yasholmaysan, lekin u shu yordam uchun ham minnatdor.

«Tashqaridan qaraganda, menga hech narsa kerak emasdek tuyulishi mumkin, — deydi Abror. — Shaxsan menga ko‘p narsa kerak emas, lekin men velosipedga ko‘p pul sarflayman».

U birinchi marta 9 yoshida velosiped mingan. Poyezddan keyin esa – maktabdosh do‘sti Tolikning sharofati bilan ikki yildan so‘ng. U unga velosipedini minish uchun berib turdi. Muvozanatni saqlash uchun bo‘lgan bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlar, yiqilish va ko‘karishlardan keyin Abror, baribir, muvozanatni topa oldi va shamolday yelishni boshladi.
«Haydashni juda tez o‘rgandim, – deb eslaydi u. – Asosan toshga urilganda yoki chuqurlarni aylanib o‘tayotganimda velosipeddan yiqilib tushardim. 20-30 martalar yiqildim, deb o‘ylayman».

Keyinchalik ota-onasi unga o‘z velosipedlarini sovg‘a qilishdi. Bu vaqtga kelib, u allaqachon velosipedda o‘zini ishonchliroq his qilardi. 2020-yilda otasi bilan birga birinchi velosipedini sotib, bir yarim million so‘mga yangiroq modelini sotib olishdi.

Unda Abror hozir do‘konga, ish, uchrashuvlarga boradi. U doimo velosipedini takomillashtiradi: ajoyib detallar sotib oladi, ehtiyot qismlarini almashtiradi.

«Hozir hayotimni velosipedsiz tasavvur qila olmayman. Unga o‘tirsam, go‘yoki qushga aylanaman, o‘zimni erkin va yengil his qilaman. Hamma narsani unutaman, oyoqlarim ikkitami yoki bitta ekanligini ham», – deydi Abror.
реклама
реклама
Uchish emas, mashq qilish kerak
2020-yilning yozida Abror do‘stlari bilan velosipedda sayrga chiqadi. Sayr velosipedchilar odatda mashg‘ulot o‘tkazadigan G‘azalkent yo‘lidan qilindi. Velosport murabbiyi Doston Ollamov Abrorni payqab qoladi.

«U o‘z yigitlarini mashq qildirardi. Meni ko‘rdi, oldimga keldi va men velosipedni yaxshi haydayotganimni aytdi. Velosport bilan professional tarzda shug‘ullanishga qaror qilsang, zo‘r bo‘lardi, dedi. Shunday qilib, biz telefon raqamlarini almashdik va men keyingi mashg‘ulotlar uchun uning oldiga kelishga vaʼda berdim».
Doston Ollamov
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Doston Ollamov 2018-yilda sportdagi karyerasini yakunlab, Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga murabbiy sifatida ishga joylashdi.

«Abror bilan birinchi uchrashuvimizni yaxshi eslayman, — deydi u. — Imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa-da, yigitcha menda o‘z mahorati bilan katta taassurot qoldirdi. Men undagi salohiyatni ko‘rdim, shuning uchun ikkilanmasdan men bilan shug‘ullanishni taklif qildim».

Abror bilan uchrashuvdan so‘ng o‘sha kuniyoq murabbiy Ollamov bir oyog‘i bilan velosiped pedalini aylantirishga urinib ko‘rdi. U 12 yil umrini professional velosportga bag‘ishlagan bo‘lsa-da, uddalay olmadi – 10 metrga ham borolmadi.

«Uzoq va sidqidildan mashq qilinsa, muvozanatni saqlashni o‘rganish mumkin, biroq tez — soatiga 40-50 km tezlikda haydash — nihoyatda qiyin ish», — deb taʼkidlaydi Doston Ollamov.

Murabbiy bilan uchrashganidan ikki kun o‘tib Abror olimpiya kollejiga birinchi mashg‘ulotiga keldi. Doston unga kiyim-kechak va bir paytlar o‘zi mingan velosipedni berdi.

«Uning velosipedi mashg‘ulot uchun yaroqsiz edi, chunki vazni taxminan 15 kg edi. Men unga o‘zimning alyuminiy Scott‘imni berdim», — deydi murabbiy.
Biroq musobaqalar uchun yigitchaga karbon — uglerod toladan yasalgan ramali velosiped kerak. Ular alyuminiydan yengilroq, aerodinamikroq. Shuning uchun uglerodli velosipedlar poyga uchun ko‘proq mos keladi. Ammo ular qimmat — o‘rtacha 6-8 ming dollar turadi.

Abror uchun mashg‘ulotlar bepul. Doston Ollamov yigitchaga qo‘lidan kelganicha yordam beradi. Unga ham murabbiy, ham do‘st bo‘lishga harakat qiladi. Masalan, musobaqaga yaqinroq ukasi, taniqli velosportchi, Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi Murodjon Xolmurodovdan Abror uchun karbonli velosipedni olib beradi.

«To‘g‘risini aytsam, Doston Zairovich bilan uchrashgunga qadar men oddiy ko‘cha yigiti edim. Hech narsani jiddiy qabul qilmasdim, juda ko‘p sayr qilardim va nima xohlashimni bilmasdim», — deb eslaydi Abror va u birdaniga velosportga qiziqib qolmaganini qo‘shimcha qiladi.

«Sport endigina hayotimning mazmuniga aylandi. Orzularim va ambitsiyalarim uning atrofida quriladi. Ammo men tanlagan yo‘nalishga ishonchim komil bo‘lmagan vaqtlarni eslayman. Haligacha eslasam uyalaman, lekin ikki haftalik mashg‘ulotdan keyin g‘oyib bo‘ldim».

«Abror bir oyga yaqin aloqaga chiqmagan edi, — deb eslaydi Doston Ollamov. — O‘sha paytda u qilichbozlik bo‘yicha o‘zini sinab ko‘rgan ekan va, maʼlum bo‘lishicha, bu unga unchalik ham yoqmagan».

Oradan bir oy o‘tib Abror mashg‘ulotlarga qaytdi va shundan beri birorta ham dars qoldirmadi.

«U jismonan juda kuchli, — deydi murabbiy Ollamov. — Men uni sog‘lom sportchilar bilan bir qatorda tayyorlayman. Abror ulardan qolishmaydi, hamma narsaning uddasidan chiqadi. Boshqa ko‘plab yigitlarga qaraganda bardoshliroq».
Doston Ollamov uchun Abror murabbiylik amaliyotidagi birinchi parasportchi hisoblanadi. Hozir uning 30 ga yaqin shogirdlari bo‘lib, ularni har kuni mashq qildiradi. Mashg‘ulotlar ertalab soat 10 da boshlanadi.

«Umumiy guruh bilan bazada, kollejda uchrashamiz. Men va yana bir murabbiy sportchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularni mashinada kuzatib boramiz. Ular shaxmat tartibida yurishadi, biz esa “avariyka”ni yoqqan holda ularga ergashamiz, – deydi Doston Ollamov. – Odatda shahardan chiqib, mashinalar kam bo‘lgan G‘azalkent yoki Yangibozor yo‘llariga boramiz».

Faol velosiped mavsumi fevraldan noyabrgacha. Uzoq muddatli mashg‘ulotlar kuch, chidamlilik va asosiy jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirishga imkon beradi. Issiq mavsumda mashg‘ulotlar 5-10 soat, sovuqda – 2-3 soat davom etadi.
реклама
реклама
«Dekabr va yanvar oylarida velosipeddan tushamiz va umumiy jismoniy tayyorgarlik bilan shug‘ullanamiz. Yuguramiz, sakraymiz, suzamiz, tog‘larga chiqamiz, — deydi murabbiy. — Abror ham qo‘ltiqtayoqda tog‘larga chiqadi va aytmoqchi, u past-balandliklarni juda yaxshi eplaydi».

Abrorning uyida murabbiyi bergan velosiped uskunasi bor. Unda u har kuni tushlikdan keyin mashq qiladi. Doston Ollamov Abrorni qo‘llab turish uchun uy mashg‘ulotlarida ham ishtirok etadi.

«Biz 40 daqiqa davomida masofa va tezlanish ustida ishlaymiz», — deydi murabbiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uskuna avtomobil yo‘llaridagi mashg‘ulotlarga nisbatan ko‘plab mashqlarni samaraliroq va xavfsiz bajarish imkonini beradi. Masalan, uskunada kadensni — pedal aylantirish chastotasini chiniqtirishadi.
«U yerga borishning o‘zi yetarli emas, men uchun g‘alaba qozonish muhim»
2021-yilning noyabr oyida Abror Artikov paravelosport bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionatida C2 toifasida (tizzadan yuqori bir tomonlama amputatsiya – tahr.) chiqish qilib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu unga O‘zbekiston Paralimpiya terma jamoasiga kirish imkonini berdi.

Hozirda Abror 2022-yil mart oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan velosport bo‘yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Musobaqada u individual poygada 22 km masofani bosib o‘tishi kerak.

«Velosipedchilar uchun Osiyo chempionati juda muhim voqea. Agar u yerga yetib borib, kuchli uchlikka kirsangiz, o‘zingizga eʼtibor qaratib, kuchli velosport klubiga kirishingiz mumkin, — deydi Doston. — Shunda ko‘proq musobaqalar, ko‘proq tajriba bo‘ladi. Klub sportchini to‘liq taʼminlaydi. Velosiped, forma taqdim etadi».
Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyat Abrorga 2022-yilda Xanchjouda bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlariga yo‘l olish imkonini beradi. Ammo asosiy maqsad — Parij, 2024-yilgi yozgi Paralimpiya o‘yinlari.

«U yerga borishning o‘zi yetarli emas, men uchun g‘alaba qozonish muhim», — deya aniqlik kiritadi sportchi.

«Hamma ham g‘olib bo‘lavermasligini tushunish kerak. Ammo sport o‘zakni tarbiyalaydi, xarakterni chiniqtiradi, – deydi Doston Ollamov. – Qanchalik paradoksal tuyulmasin, mag‘lubiyat ham g‘alaba. Axir inson baribir hayotdan qandaydir saboq oladi va bir kun kelib o‘ziga: "Hech bo‘lmaganda urinib ko‘rdim", deb aytishi mumkin».

Doston Ollamov o‘z shogirdlarining moliyaviy ahvolini yaxshilashni juda xohlaydi, u tadbirkorlar orasidan homiylar qidiradi, chunki xalqaro miqyosda muvaffaqiyatga erishish uchun uyda ham xalqaro imkoniyatlar bo‘lishi zarur.

«U Olimpiya stipendiyasini olishi mumkin edi. Va o‘shanda hamma narsaga imkoni yetardi. Biz o‘zimizga, do‘stlarimizga va befarq bo‘lmagan mehribon odamlarga tayanamiz. Biror kishidan biror narsa olish uchun vaqt ketadi. Vaqtni boy bersak, yaxshi natijani ko‘rmaymiz», - deydi murabbiy. Biroq imkoniyatlar bo‘lganda isbotlash ham osonroq kechardi.
реклама
реклама
Orzulari va maqsadi bor inson
Musobaqaga yaqinroq Abrorda uyqusizlik boshlanadi. U bellashuvlar oldidan uxlay olmaydi.

«Murabbiyim o‘zingga ishon, o‘z oldingga eng yuqori maqsadlarni qo‘y va hech qachon taslim bo‘lma, deb uqtiradi, — deydi Abror. — Men ham murabbiy bo‘lishni va odamlarga o‘zlarini topish va, ehtimol, chempion bo‘lishga yordam berishni xohlayman».

Birozdan so‘ng, u Italiya ishlab chiqaruvchisining Pinarello shosse velosipedini uzoq vaqtdan beri orzu qilishini tan oldi. Velosiped juda qimmat (taxminan 15-16 ming yevro), shuning uchun hozircha u xohish obyekti, xolos.
Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Yigitcha sport bilan yashaydi, ammo, shunga qaramay, uning yana bir sevimli mashg‘uloti bor — elektronikani taʼmirlash. Buni u kollejda o‘rgangan. Qizlarga keladigan bo‘lsak, uning bunga mutlaqo vaqti yo‘q.

«23 yoshdaman va hozircha qalbim bo‘sh. O‘zaro munosabatlarga xohish bor, lekin bu meni chalg‘itishini o‘ylayman, — deb tan oladi Abror. — Masalan, musobaqalarda aql joyida bo‘lmasligi aniq. Uning uchun kurashish ham kerak bo‘ladi... Yo‘q! Hozircha kerakmas», — deydi yigit xijolatdan qizarib.

Doston Ollamov shogirdining tanlovini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir haqiqatan ham karyeraga bor eʼtiborni qaratgani maʼqul.

«Men unga eng boshida aytganman, kel, hozir sport bilan shug‘ullanamiz va butun umrlik natijalarga erishamiz, — deb eslaydi murabbiy. — Unda haqiqatan ham Paralimpiya chempioni bo‘lish imkoniyati bor. Buning uchun esa, birinchi navbatda, intizom kerak. Busiz barcha harakatlar va mashg‘ulotlar behuda».

Doston Ollamovning aytishicha, Abror bilan unga omad kulib boqdi. U mehnatsevar, isteʼdodli va juda qiziquvchan. Har doim velosiped haydash haqida savollar beradi. Ustozi uchun Abror, albatta, bo‘lg‘usi chempion.
Matn muallifi Natalya Silkina.
Fotosuratlar mualliflari: Yevgeniy Sorochin, Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”.
Video: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashri saytida
eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishish mumkin.

Biror qiziq hikoyani bilasizmi? Uni boshqalar bilan bo‘lishmoqchimisiz? Hikoyani sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting