Toshkent shahar hokimining «Toshkent shahrida namunaviy dizayn asosida avtobus oraliq bekatlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik uchun muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Mazkur hujjat loyihasi ishlab chiqilishiga prezidentning 2 fevraldagi [PQ-111-son] qarori asos qilib olingan. Unda namunaviy loyiha asosida 1160 ta avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish vazifasi qo‘yilgandi.

Shundan kelib chiqib, kelgusida avtobus bekatlarini belgilangan me’yorlarga mos bo‘lgan namunaviy dizayn asosida qurish rejalashtirilmoqda.

Yangi dizayndan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus pandus tashkil etish, avtomobil qatnov qismi chegarasida xavfsizlikni ta’minlash uchun «taktil» plitalar o‘rnatish, qolaversa, bekatlarda bepul internet tarmog‘i (4G Wi-Fi), avtobuslar qatnov jadvali va kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablo, kuzatuv kamerasi, milliy hunarmandchilik yoki zamonaviy dizayndagi o‘rindiqlar, chiqindilarni tashlash qutilari, mobil qurilmalarni quvvatlash manbaini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Namunaviy dizan.

Avtobus bekatlari joylashtiriladigan yer maydonlari elektron onlayn auksion savdolari orqali tadbirkorlarga ijara huquqi asosida vaqtinchalik foydalanishga beriladi.

Talabgor tadbirkorlik faoliyatini yuritish maqsadida avtobus oraliq bekatidan foydalanish davrida, bekat devorlariga reklama joylashtirishi, cash-in va cash-out funksiyalariga ega bo‘lgan bankomatlar va vender (vendor) qurilmalari, QR-shtrix kod orqali elektron kutubxonalarni o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladi.

Ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida Toshkent shahridagi 280 ta avtobus bekatlari 2022 yil yakuniga qadar elektron onlayn auksion savdolariga joylashtiriladi.

Bundan avval ham bekatlarni yagona dizayn asosida qayta qurish bo‘yicha takliflar bildirilgandi. Misol uchun 2020 yilning dekabrida poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev poytaxtda avtobus bekatlari do‘konlarsiz bo‘lishini ma’lum qilgandi.

Bekatning namunaviy dizayni. Toshkent hokimining 2019 yildagi qarori loyihasiga ilova.

Buni nazarda tutuvchi Toshkent hokimining qarori loyihasi 2019 yildayoq jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan, biroq, qabul qilinmagan. Bekatlarda elektron tablo, WI-FI, kuzatuv kamerasi, zamonaviy dizayndagi o‘rindiqlar, mobil qurilmalar quvvatlash manbalari, panduslar o‘rnatilishi 2020 yildan beri rejalashtirib kelinadi.

Shuningdek, 2021 yilda poytaxt hokimi Muqimiy ko‘chasida avtobuslar uchun 3 kmlik alohida yo‘l harakatlanish bo‘lagini ajratish ko‘zda tutilgan qarorni imzolagandi. Bundan tashqari, avtobus bekatlarini yangilash rejalashtirilayotgani va yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi davom ettirilishini aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Toshkent shahrida barcha tomoni oyna bilan o‘ralgan bekatlar paydo bo‘lishni boshlagandi. Shuningdek, o‘sha yilda quvvatlash uskunalari o‘rnatilgan bekatlar soni yanada ko‘proq bo‘lishi belgilangandi.