Kiyev yaqinidagi Gostomel aeroportida turgan dunyodagi eng yirik transport samolyoti — An-225 «Orzu» (ukr. Mrіya) Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainada amalga oshirilayotgan «harbiy operatsiya» davomida yo‘q qilindi. Bu haqda «Ukroboronprom» konserni xabar qildi.

Qayd etilishicha, samolyot Gostomel aeroportida ta’mirlash jarayonida bo‘lgan va shu sababdan Rossiya qo‘shinlari mamlakatga bostirib kirgan vaqtda Ukrainani tark eta olmagan.

«Biroq samolyot albatta qayta tiklanadi, — deya ma’lum qilindi Ukroboronprom xabarida. — Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 3 mlrd dollar va 5 yildan ziyod vaqt kerak bo‘ladi. Bizning vazifamiz ushbu xarajatlarni ukrain aviatsiyasi va aviatsion yuk tashish sektoriga katta zararlarni yetkazgan Rossiya Federatsiyasi qoplashiga erishishdan iborat», — deya qo‘shimcha qilinadi.

Ma’lumot uchun, samolyot 1984−1988 yillarda Kiyev mexanika zavodida yagona nusxada ishlab chiqilgan. Ilk parvozini 1988 yilning 21 dekabrida amalga oshirgan. 2022 yil fevral oyi oxiriga qadar parvoz holatida bo‘lgan va Ukrainaning Antonov Airlines aviakompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilingan.