Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yevropa Komissiyasi Rossiyaga nisbatan yangi “qattiq moliyaviy sanksiyalar” qo‘llashga kelishib oldi. Bu haqda Oq uy bayonotida ma’lum qilindi.

Yangi sanksiyalar

Unga ko‘ra, hozirgacha AQSh va Yevropa sanksiyalari ostida qolayotgan Rossiya banklari xalqaro banklararo tizim — SWIFT`dan uzib qo‘yiladi.

“Bu esa ushbu banklarning xalqaro moliya tizimidan uzilishini va ularning global miqyosda faoliyat yuritish qobiliyatiga zarar yetkazishini ta’minlaydi”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Rossiya Markaziy bankining xalqaro zaxiralarini sanksiyalar ta’siriga qarshi tarzda joylashtirishga to‘sqinlik qiladigan choralar ko‘riladi. Bu choralar Rossiya Markaziy bankining xalqaro moliyaviy operatsiyalar orqali rubl kursini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yanada cheklaydi, dedi Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt.

“Bu degani Rossiya regulyatori intervensiyalarni amalga oshirishda ham muammolarga duch kelishi mumkin. Qariyb 700 mlrd dollarlik Markaziy bank aktivlari likvidlikdan muammoliga aylandi”, — deya izohladi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bundan tashqari, endilikda Rossiya hukumatiga aloqador ishbilarmonlarmonlarning Yevropa va AQSh fuqaroligini olish va moliyaviy tizimlariga kirish imkoniyatini beruvchi “oltin pasportlar”dan voz kechilishi mumkin.

Yana bir muhim sanksiyalardan biri, keyingi haftadan yuqoridagi davlatlar yurisdiksiyasida mavjud bo‘lgan rossiyalik shaxslar va kompaniyalarning aktivlari muzlatiladi. Rossiya hukumatiga aloqador shaxslarga butun dunyo bo‘ylab o‘z aktivlarini yashira olmasliklari uchun ushbu choralarga boshqa hukumatlar ham jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

SWIFT tizimidan uzib qo‘yish nimani anglatadi?

SWIFT — ma’lumotlarni uzatish va to‘lovlarni amalga oshirish uchun xalqaro banklararo tizim. 1973-yilda tashkil etilgan bo‘lib, shtab-kvartirasi Belgiyada joylashgan. Ushbu tizim butun dunyo bo‘ylab moliya institutlariga moliyaviy operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xavfsiz, standartlashtirilgan va ishonchli tarzda yuborish va olish imkonini beradi.

To‘lov tizimlaridan (Visa yoki Mastercard) farqli o‘laroq, SWIFT faqat transfer xabarlarini tashiydi va banklar o‘rtasida qo‘llaniladi.

2015-yil holatiga ko‘ra, dunyoning 200 dan ortiq mamlakatlarida 11 mingdan ortiq moliya institutlari, shu jumladan mingga yaqin korporatsiyalar SWIFT a’zosi hisoblanadi. O‘rtacha xabar almashuvlar soni kuniga 30 milliondan ortiqni tashkil etadi. Har kuni tizim 5−6 trln dollar miqdoridagi transfertlarni qayta ishlaydi.

2021-yil 29-aprel holatiga ko‘ra, Rossiyadagi deyarli 300 ta bank SWIFT tizimidan foydalanadi (Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan kredit tashkilotlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi) — tizim foydalanuvchilari soni bo‘yicha Rossiya AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2017-yil oxirida SWIFT`ning Rossiyaning ichki trafigidagi ulushi (Rossiya tashkilotlari o‘rtasida moliyaviy xabarlarni uzatish) rossiyalik SWIFT foydalanuvchilari tomonidan yuborilgan xabarlarning 78 foizini tashkil etdi.

Amerikaning Navigator Principal Investors kompaniyasi direktori Kayl Shostakning ta’kidlashicha, butun mamlakatni SWIFT`dan uzib bo‘lmaydi, biroq bir qator yirik davlat banklarini tizimga kirishini cheklash mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizimdan uzib qo‘yish Rossiya bank tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, juda kuchli iqtisodiy sanksiyalar dastagi hisoblanadi.

Swift muqobili mavjudmi?

“Nazariy jihatdan — ha bor. Biroq agar tez, ishonchli va oson pul o‘tkazishni xoxlasang, unda yo‘q”, — deb yozadi MacroBS Telegram-kanali.

“Nima uchun boshqa shunday tizimda buning imkoni past? Bu AQSh dollarining kuchi bilan bog‘liq. Global to‘lovlarning yarmi, xalqaro savdoning 90 foizi AQSh dollarida amalga oshiriladi. Swift orqali yuborilgan xabar bo‘yicha dollardagi to‘lovlar odatda bir-biri bilan o‘zaro hisobraqamga ega bo‘lmagan banklar o‘rtasida amalga oshiriladi. Buning uchun odatda AQSh to‘lov tizimiga ulangan ma’lum bir korrespondent bank ishtirok etadi”.

“Yuqoridan ko‘rinadiki AQSh bilvosita bo‘lsa ham davlatlar o‘rtasidagi to‘lovlarni amalga oshishiga ta’sir ko‘rsata oladi. Swift`siz ham AQSh allaqachon yirik Rossiya banklarini AQSh moliya tizimidan uzishga ulgurdi va Rossiya uchun eksport masalasini ancha qiyinlashtirdi”.

“Gaz bo‘yicha Yevropa davlatlarining Rossiyaga yuqori bog‘liqligi tufayli uning ayrim a’zolari (Germaniya) energiya uchun to‘lovlarni to‘xtatishga qarshilik qilishayotgandi. Boshqacha aytganda, joriy qilingan sanksiyalar sanksiya qilish uchun maqsad qilinmagandi. Ammo vaziyat juda jiddiylashishi ortidan va xalqaro bosim ostida Germaniya ham Italiya ham Rossiyani Swift`dan uzishga qarshilik qilmasligini ma’lum qilishmoqda”.

“Rossiyanining Swift’dan uzilishi Rossiyaning eksport kompaniyalari uchun to‘lov qilishni deyarli imkonsiz qiladi”, — deya ta’kidlanadi postda.

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning yozishicha, Rossiya banklarini SWIFT`dan uzib qo‘yishdan ko‘ra, banklarning o‘ziga sanksiya qo‘llanilishi og‘irroq chora bo‘ladi.

“Aytish joizki, SWIFT tizimidan rus banklarini o‘chirishdan ko‘ra, banklarning o‘zini sanksiya ro‘yxatiga kiritilishi og‘irroq chora. Ya’ni Rossiya SWIFT tizimdan o‘chirilsa, lekin ayrim banklar sanksiya ro‘yxatiga kiritilmasa, chegaralararo to‘lovlar qimmatlashishi mumkin, lekin imkonsizlik darajasida emas. Lekin agar qolgan rus banklari xuddi VTBdek to‘liq sanksiyalar ostiga tushsa — o‘sha payt, SWIFT o‘chirilmasa ham muammoli holat bo‘lar edi. Hozircha, rus bank sektorining juda kichik qismi sanksiyalar ostida”, — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, SWIFT`dan uzib qo‘yilsa ham Rossiya banklari telefon, faks yoki elektron pochta orqali aloqa qilishlari mumkin. Aloqa imkoniyati imkonsiz emas. Bunda tranzaksion xarajatlar oshadi, chunki hozircha “qo‘lda” yoki o‘tkazish darajasi ancha zaifroq tizim orqali banklar bilan aloqa qilish kerak bo‘lib qoladi.

“Banklarga nisbatan sanksiyalar — o‘sha narsa Rossiya moliyaviy tizimiga katta zarba beradi. Hozirgi vaqtga kelib, banklar to‘liq sanksiyalar ostida emas. Lekin, aytish joizki, xorijiy banklarning o‘zi Rossiya banklari bilan aloqalarni uzishi mumkin, ya’ni kelajakda sanksiyalar kiritilish xavfi borligi uchun. AQSh sanksiyalarining qiziq tomoni, ikkinchi darajali hamkorlar ham ma’sul bo‘lishi mumkin”, — deya izohladi Behzod Hoshimov.