Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanov Ukrainadagi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etdi.

27 fevral kuni O‘zbekiston fuqarolarining ikkinchi guruhi Lvovdan ukrain-polyak chegarasidagi «Krakovets-Karchova» NO‘P tomonga yo‘lga chiqqan.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shu vaqtgacha 600dan ziyod O‘zbekiston fuqarolari Polsha chegarasiga yetkazildi.

«Shunday kunlarda bizga yordam qilayotgan yurtboshimiz sog‘ bo‘lsinlar», — deydi vatandoshlardan biri.

«Polsha hududida tashkil etilgan to‘planish joyida asosiy qismi yosh bolasi bor ayollardan iborat O‘zbekiston fuqarolari uchun sharoitlar yaratildi.Xususan, ko‘rpa-to‘shak, tibbiy yordam, issiq ovqat berildi», — deyiladi xabarda.

27 fevral Toshkent vaqti bilan soat 16:00 ga qadar 110 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi «Karchova» nazorat-o‘tkazish punkti orqali Polsha hududiga kirdi. Yaqin vaqtda ichida boshqa fuqarolarimizning ham chegaradan o‘tishi kutilmoqda. Shundan so‘ng barcha vatandoshlar markazlashgan holda avtobuslarda Katovitse shahridagi aeroportga yetkaziladi, deya ma’lum qildi TIV vakili.

«O‘zbekistonlik diplomatlar „Karchova“ NO‘P va Katovitse shahri aeroportida muntazam faoliyat yuritmoqda va fuqarolarning masalalarini hal qilmoqda. Evakuatsiya qilinayotgan barcha yurtdoshlarimiz aeroportda barcha zarur mahsulotlar bilan ta’minlanadi», — deya qayd etdi Yusup Kabuldjanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli sabablarga ko‘ra yonida hujjatlari bo‘lmagan 30 nafar O‘zbekiston fuqarosiga qaytish guvohnomasi zudlik bilan rasmiylashtirib berilgan.

O‘zbekiston fuqarolarini Polshadan qaytarish maqsadida Uzbekistan Airways samolyotlarining o‘tishi uchun havo yo‘lagi bilan ta’minlash masalasi hal qilingan. Hozircha birinchi samolyotning O‘zbekistonga parvoz qilishi joriy yilning 28 fevral kuniga rejalashtirilgan.

Vazirlik vakilining ma’lumotlariga ko‘ra, Polsha Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston elchixonasining murojaatidan so‘ng «nihoyatda muhim qarorni qabul qildi»: Vatanga qaytayotgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan hech qanday PZR-sertifikatlarini taqdim etish va Polshaga kirish vizasini rasmiylashtirish talab qilinmaydi.

Avvalroq Yusup Kabuldjanov urush harakatlari sharoitida Ukrainadagi barcha O‘zbekiston korxonalari o‘z faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi xodimlari:

Maruf Karimov («Karchova» nazorat punktida) — tel.: +48 508 064 333;

Telegram: +99893 5947557.

Asqar Beknazarov («Katovitse» aeroportida) — tel.: +48 508 995 888; Telegram: +99890 1160084.

Sardor Axmatov (elchixonada) — tel.: +48 502 501 588; Telegram: +99894 6541010.