O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi mamlakatdagi o‘zbekistonlik fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, hozirda O‘zbekiston fuqarolari Ukraina-Polsha chegarasini kesib o‘tishni boshlagan. Chegara zonasini kesib o‘tish tajribasiga asoslanib, Ukraina va Polsha chegarachilari, birinchi navbatda, ayollar va bolalarni o‘tkazmoqda. Chegarani kesib o‘tish juda uzoq vaqt talab etmoqda. Birinchi guruh uchun bu jarayon 14 soat davom etgan. Bundan tashqari, Lvovga ko‘p sonli qo‘shimcha evakuatsiya poyezdlari yetib kelganini hisobga olib, chegarani kesib o‘tish vaqti cho‘zilishi mumkinligi aytilgan.

«Chegarada odamlarning ko‘pligi tufayli avval e’lon qilingan „yashil yo‘lak“ ishlamayapti, chegarani o‘tish fuqaroligidan qat’i nazar, navbat asosida amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, chegarani kesib o‘tish piyoda amalga oshirilayotgani sababli fuqarolardan chegarada havo sovuqligini hisobga olishlari so‘ralgan.

«Hujjatlari bo‘lmagan (u yoki bu sabablarga ko‘ra) fuqarolarimiz uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatning hech bo‘lmaganda qog‘oz ko‘rinishidagi nusxasi yoki mobil telefonida skaner qilingan nusxasi bo‘lishini so‘raymiz», — deyilgan elchixona ma’lumotida.

Chegara oldidagi tirbandlik holatlaridan kelib chiqqan holda elchixona ayollar va bolalarni imkoni boricha chegaraga yaqinroq joyga yetkazishni ta’minlashi aytilgan.

Bundan tashqari, mustaqil ravishda chegaraga yetib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraga borish tavsiya etilgan.

Elchixona Lvovga yetib kelgan O‘zbekiston fuqarolariga alohida murojaat qilib, ulardan xotirjam bo‘lishni so‘ragan.

«Afsuski, diasporamiz vakili M.Soliyev bir vaqtning o‘zida yuzlab odamlarning muammolarini jismonan hal qila olmaydi. Shu munosabat bilan, imkon qadar bir-biringizga yordam berishingizni, yurtdoshlarimizga kelishni muvofiqlashtirishda yordam beradigan ko‘ngillilar guruhlarini shakllantirishingizni iltimos qilib murojaat qilmoqda», — deb yozadi elchixona.

Elchixona o‘zbekistoniklardan eng avvalo, ayollar, bolalar, talaba-yoshlar va keksalarga yordam berishlarini so‘ragan.

Ta’kidlanishicha, Polsha tomonida O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi vakili joylashgan bo‘lib, o‘zbekistonliklarni vatanga jo‘natish ishlarini muvofiqlashtiradi. U hujjatlarni aeroportda rasmiylashtiradi, deyiladi xabarda.

«Moldova hududiga sayohat qilish bilan bog‘liq so‘rovlar kelib tushmoqda. Ularni inobatga olgan holda shuni ma’lum qilamizki, xavfsizlik tamoyilidan kelib chiqib, agar fuqarolarimizga Moldovaga borish osonroq bo‘lsa, ushbu variantni ko‘rib chiqishlari lozim. Shu bilan birga, Moldovada bizning Elchixonamiz mavjud emasligi va mamlakatning aviatsiya maydoni havo qatnovi uchun yopiq ekanligini ma’lum qilamiz. Hozirda ushbu mamlakatda bo‘lgan fuqarolarga yordam berish uchun shtab tashkil etilmoqda. Shtabning aloqa uchun ma’lumotlari qo‘shimcha ravishda joylashtiriladi», — deyilgan elchixona ma’lumotida.

Ma’lumot uchun, 26-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da 90 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolaridan iborat birinchi evakuatsiya guruhi Lvovdan «Krakovets» nazorat-o‘tkazish punkti yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lga chiqqan edi.

Bundan avvalroq Tashqi ishlar vazirligi Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi borligi va ular ro‘yxati yanada aniqlashtirilayotgani haqida xabar bergandi.