Rossiya Markaziy banki xabariga ko‘ra, har qanday ssenariy bo‘yicha mamlakat ichida moliyaviy xabarlarni almashish regulyatorning “Moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi” (СПФС) orqali amalga oshiriladi.

Bu Yevropa va AQShning Rossiyaning sanksiya ostidagi banklarini xalqaro banklararo axborot almashuv tizimi — SWIFT’dan uzib qo‘yayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xabarda aytilishicha, Rossiya Banki moliyaviy barqarorlikni saqlash va moliya sektorining operativ uzluksizligini ta’minlash uchun zarur resurslar va vositalarga ega. Regulyator doimiy ravishda banklarni rublda naqd va naqd bo‘lmagan likvidlik (pulga aylanuvchi aktivlar) bilan ta’minlaydi. Dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan REPO auksioni cheklanmagan asosda o‘tkaziladi va banklardan kelib tushgan barcha arizalar to‘liq qanoatlantiriladi.

“Rossiya bank tizimi barqaror, har qanday vaziyatda muammosiz ishlashi uchun etarli kapital va likvidlikka ega. Barcha mijozlar hisoblaridagi mablag‘lar saqlanadi va istalgan vaqtda mavjud. Bank xizmatlari odatdagidek ko‘rsatiladi. Rossiyadagi barcha banklarning bank kartalari ham normal ishlashda davom etmoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvlroq Yevropa va AQSh Rossiya Markaziy bankining xalqaro zaxiralarini sanksiyalar ta’siriga qarshi tarzda joylashtirishga to‘sqinlik qiladigan choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Ushbu choralar ko‘rilishi boshlansa, Rossiya Markaziy bankining xalqaro moliyaviy operatsiyalar orqali rubl kursini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati cheklanishi mumkin.