Prezident 25 fevral kuni «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi [PQ-142-son] qarorni imzoladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston hamda Pokiston hukumatlari o‘rtasida tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Bu bitim 2021 yilning 15 iyulida Toshkent shahrida imzolangandi.

Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organlar etib belgilandi.

«Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi», — deyiladi xabarda.

15 iyul kuni imzolangan shartnoma Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Imron Xonning tashrifi doirasida Hukumatlararo komissiya majlisi hamda O‘zbekiston — Pokiston biznes forumida 500 mln dollarlikdan ziyodga tengligini ma’lum qilgandi.

Bundan tashqari, o‘shanda quyidagilar ham imzolangandi:

  • tranzit va savdo to‘g‘risidagi hamda ishbilarmon doiralar vakillari va sayyohlik guruhlari uchun viza tartiblarini soddalashtirish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida protokol;
  • 2021−2026 yillarga mo‘ljallangan Madaniy almashuv dasturi;
  • Turizm masalalari bo‘yicha anglashuv memorandumi;
  • Davlat chegarasidan olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Pokiston diplomatik xizmat akademiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston — Pokiston ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risida bitim.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev mart oyida Pokistonga tashrif buyurishi kutilayotgani haqida yozgandik. Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razoq Dovudning so‘zlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Qolaversa, martdan Lahordan Toshkentga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish reja qilingan.