Ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar yerto‘lalarda qolishga majbur bo‘layotgani, ularga birinchi zarur mahsulotlar yetishmay qolgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston TIV maxsus vakili Yusup Kabuljanov izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi vaziyat qay darajada murakkab bo‘lishidan qat’i nazar ushbu mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarni evakuatsiya qilishni tashkil etish bo‘yicha kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.

«Diplomatik missiya vakillari yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqa o‘rnatib, yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etib kelmoqda. Xarkovda bo‘lib turgan elchixona mas’ul xodimi o‘zbekistonlik talabalar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularning barcha masalalarini hal etmoqda», — deyiladi xabarda.

Elchixona hamda Ukrainadagi diaspora vakillari ko‘magida Xarkov va Zaporoje shaharlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik talabalar 3 mahal ovqat bilan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, Zaporoje milliy universiteti rahbariyati ham talabalarga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Xerson, Xmelnitskiy, Dnepr va Odessa shaharlarida tahsil olayotgan talabalar masalalari diaspora ko‘magida hal etilmoqda.

«Ayni paytda Ukraina shaharlari o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l aloqalari butunlay faoliyatini to‘xtatgan. Bunday sharoitda Ukrainaning sharqiy va markaziy viloyatlaridan vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha iloji bo‘lmayapti», — deyiladi xabarda.

Ammo mana shu kabi jiddiy xavf-xatarlar bo‘lishiga qaramay, bir guruh talabalar ularni zudlik bilan evakuatsiya qilishni talab etmoqda.

Shu munosabat bilan Ukrainadagi vatandoshlarimizga vahimaga tushmaslik, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslik va Elchixonaning xavfsizlik bo‘yicha umumiy ko‘rsatmalariga amal qilishlarini qat’iy tavsiya etamiz.

Shu bilan birga, Elchixona yaqin kunlarda O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan xavfsiz olib chiqish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 25 fevral kuni O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi fuqarolarni Polsha orqali evakuatsiya qilishini xabar qilgandi. Lvovga kelgan o‘zbekistonliklardan diaspora vakili Maruf Saliyevga murojaat qilish so‘ralgan. Evakuatsiya vaqtida qariyalar, bolalik ayollar, talabalar va bolalar ustunlikka ega bo‘ladi.

Lvov Ukrainaning g‘arbidagi shahar bo‘lib, Poytaxt Kiyevdan esa 500 kmdan ko‘proq masofada joylashgan. Lvov Polsha chegarasidan taxminan 70 km masofa uzoqlikdagi shahar hisoblanadi.