O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov juma kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon muloqoti ikki xil talqin qilinayotgani yuzasidan izoh berdi.

Uning ma’lum qilishicha, muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning keng ko‘lamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.

Rossiya prezidenti davlat rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot bergan. O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirgan.

«O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada, — dedi Sherzod Asadov. — Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim».

Eslatib o‘tamiz, juma kuni O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari telefonda muloqot qilib, «Ukrainadagi demilitarizatsiya va denatsifikatsiya» vaziyatini muhokama qilishgani haqida xabar berilgan edi. Kreml rasmiy saytida prezident Mirziyoyev Rossiya tomonidan qabul qilinayotgan xatti-harakatlarni tushunishini bildirgani ma’lum qilindi.