Foto: Alisher Ataxo‘jayev
Ilonlar qornidagi
tangachalarni sanayman
Sizni zaharli ilon chaqib olsa, nima qilish kerak, echkemarlar go‘shti saraton va jigar sirrozini davolaydimi, boshni nam salfetkalar bilan qanday qilib yuvish mumkin? Ushbu savollarga javoblarni gerpetologlar – sudraluvchilar va amfibiyalarni o‘rganadigan mutaxassislar bilishadi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda sanoqli gerpetologlar bor. “Gazeta.uz” muxbiri Yekaterina Soy ulardan biri Timur Abduraupovdan ekspeditsiyalar, toshbaqalarni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan kurash, uydagi kaltakesak va ilonlar kolleksiyasi hamda maoshlari haqida so‘radi.
O‘zbekistonda sudralib yuruvchilarning 62 turi mavjud bo‘lib, ularni o‘rganuvchi faqat bir nechta mutaxassis – gerpetologlar bor. Hatto O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti tuzilmasida ham shunday mutaxassislar bor-yo‘g‘i uch nafarni tashkil etadi.
Gerpetologiya – zoologiyaning sudralib yuruvchilar (ilon, toshbaqa, kaltakesak va boshqalar) va amfibiyalar (baqa va qurbaqalar) sinflarini o‘rganuvchi bo‘limidir. Gerpetologlar hayvonlarning turlari yoki hatto guruhlari bo‘yicha ixtisoslashadi. Kadrlar yetishmasligi tufayli o‘zbek olimlari tor ixtisoslik bilan cheklanib qolmasdan, barchasi bilan: sudralib yuruvchilar ham, suvda va quruqlikda yashovchilar bilan ham shug‘ullanadilar.
Gerpetologlarning eski gvardiyasi yoki ketib qoldi yoki vafot etdi va yoshlar fanning bu yo‘nalishidan borishni unchalik istashmadi. Baʼzilar fobiyadan aziyat chekishadi: «Ilonlar xavfli, sovuq, yoqimsiz!» Boshqalar oyliklar kamligidan cho‘chishadi: «Olim bo‘lsang, zo‘rg‘a kun ko‘rasan!» O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti gerpetologi Timur Abduraupov buni qotib qolgan stereotiplar, deb hisoblaydi.
«Faol ilonlar silaganda silliq, iliq va yoqimli bo‘ladi. Yaxshi mutaxassis esa xohlagan joyda va xohlagancha pul topishi mumkin».
Timsohlar ham sudralib yuruvchilar hisoblanadi, ammo ular mamlakatimizda yashamaydi. Ko‘pchilik: «Xudoga shukur!» deyishi mumkin, lekin Timur esa: «O‘zbekistonning janubroqda joylashmagani achinarli, timsohlar ham bo‘lardi!» deydi.
Bolaligida akvariumlardagi baliqlar qayergadir g‘oyib bo‘ldi. Akvariumlar terrariumlarga aylandi
Aftidan, Timur shunday — ilon va kaltakesaklarga mehrli bo‘lib tug‘ilgan. Onasi besh yoshli o‘g‘li sayrdan ko‘tarib kelgan gugurt qutilarini ochishga qo‘rqardi — ichida doimo qandaydir tirik mavjudotlar bo‘lardi. Ayol uy hayvonlarini biroz boshqacharoq tasavvur qilardi va manzarali baliqlari bor akvariumlar orqali bolalarda tabiatga muhabbat uyg‘otishga urindi. To‘g‘ri, keyinroq baliqlar «qayergadir g‘oyib bo‘ldi» va 10 yoshli Timur ishtiyoq bilan akvariumlarni terrariumga aylantirdi. Voyaga yetganidan so‘ng u ilon va kaltakesaklarni saqlab turishga olishni va kerak bo‘lganida ularni davolashni boshladi.
Quloqli dumaloqbosh
Foto: Timur Abduraupov
Cho‘l agamasi
Foto: Timur Abduraupov
So‘g‘diyona dumaloqboshi
Foto: Timur Abduraupov
Chiyildoq gekkoncha
Foto: Timur Abduraupov
Timurning otasi, IIV polkovnigi o‘g‘li o‘zining ortidan borishini orzu qilardi va muqobil sifatida Sankt-Peterburg militsiya maktabining harbiy tibbiyot fakultetiga hujjat topshirishni taklif etdi. Biroq bo‘lmadi.

«Bu bilan shug‘ullanishni shunchaki xohlamayman. Demak, butun umr baxtsiz bo‘lamanmi?» – deya qarshilik ko‘rsatardi o‘g‘li.

Ota-onasi uni o‘z holiga qo‘yishdi, Timur esa sevimli sudralib yuruvchilarini o‘rganadigan va «zo‘rg‘a kun ko‘radigan» olim bo‘lish uchun Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdi.
реклама
реклама
Onajon, qanchalar baxtliman, men kobra tutib oldim!
Biologiya fakulteti talabalari dala amaliyotida dala hayotining alifbosini: hayvonlarni tabiiy muhitda kuzatish, tog‘lar bo‘ylab yurish, oyoq ostiga qarashni o‘rganadilar. Shuningdek, ular lotin tilida imtihon topshirishadi, chunki ular hududda yashaydigan zotlarning lotincha nomlarini bilishlari kerak.

O‘rmalab, sudralib yuruvchilardan o‘lguday qo‘rqqan Timurning onasi unga har kuni qo‘ng‘iroq qilib: «Yaxshimisan, o‘g‘lim? Hammasi joyidami? Hech narsa seni chaqib olmadimi?» – deb so‘rardi.

Bir kuni tushlik paytida ovqat xonasida yangilik tarqaldi: qorovulxonaga kobra kirib qolibdi. Amaliyotchilar – botaniklar, zoologlar, genetiklar – yopirilishdi.
Foto: Timur Abduraupov
«Nima deyapsiz, qanaqa kobra, – deb o‘yladi Timur. – Kobra – noyob ilon. Chipor ilon bo‘lsa kerak».

O‘sha yerdan uzun dasta topilaqoldi. Timur uning yordamida ilonni tashqariga chiqarishga urinib ko‘rdi. Kobra yuqoriga, quvurga qarab intildi, yosh olim esa qo‘li bilan dumidan tutgan ham edi, ortga qayrilgan jonivor uni chaqib olishiga sal qoldi. Jahlga mingan ilon pechkadan chiqdi va shu onda Timur dasta bilan yerga tirab, bo‘ynidan changalladi.

17 yosh va ilk bor tutib olingan zaharli ilon! O‘sha hodisalar muhrlangan videoda Timur qo‘lida o‘ljasi bilan turibdi: yigitchaning qo‘li quvonchdan titraydi, yuzidan esa masʼud tabassum arimaydi. Bo‘lg‘usi gerpetolog birinchi bo‘lib onasiga qo‘ng‘iroq qildi: «Onajon, qanchalar baxtliman, men kobra tutib oldim!»
«Endi esa erkaklar hojatxonasiga borib, uni qo‘yib yubor», – deya buyurdi o‘qituvchi.

«Axir qanday qo‘yib yuboraman? – chin dildan hayratlandi birinchi bosqich talabasi. – Ertaga umurtqalilarni o‘rganadigan guruh keladi. Ularga kobrani ko‘rsatish kerak-ku!»

Biroq o‘sha kuni kobrani qo‘yib yuborishga to‘g‘ri keldi. Shundan keyin ko‘plab yigitlar, garchi ilon allaqachon u yerlardan ketgan bo‘lsa ham, ayollar hojatxonasiga borishni afzal ko‘rishardi.

O‘shandan buyon Timur O‘zbekistonning barcha zaharli ilonlarini: O‘rta Osiyo kobrasini, qum efasi, temir gurzi iloni, pallas chipor iloni, cho‘l qora ilonini tutish va qo‘lida ushlab ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning hech biri uni chaqmadi.

Foto: Timur Abduraupov
Ilonlarni zaharli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, ehtiyotkorlik bilan tutaman. Chaqib olishi va yaralarning yiringlashni boshlashi, albatta, yoqimsiz. Ammo bundan ham yomoni, bu ilonning o‘zi uchun ham katta stress, u hatto o‘lib qolishi mumkin! Chaqqan vaqtida odam instinktiv ravishda qimirlaydi va sudralib yuruvchining soch tolasiday bo‘lgan tishlari tagidan sinadi. Buning natijasida ilonda stomatit rivojlanishni boshlaydi, agar to‘g‘ri davolash amalga oshirilmasa, o‘limiga olib keladi.
Ekspeditsiyaga tayyorlanamiz: aniq reja va bankalardagi go‘shtlar
Gerpetologlarga aprel-oktyabr dala ishlari uchun eng maqbul vaqt hisoblanadi. Chunki sudralib yuruvchilar sovuq mavsumda faol bo‘lmaydi. Biroq Timur qishda ham xizmat safarlariga chiqqan. Baʼzida yilda 300 kungacha uzoqda bo‘lib, bir ekspeditsiyadan ikkinchisiga o‘tib yurgan vaqtlari bo‘lgan. O‘zbekiston hududining katta qismi aloqa bilan qamrab olinmagan va gerpetolog 20 kunlab qarindoshlari va do‘stlari bilan bog‘lana olmaydi. Bunga tez ko‘nikasiz, deydi u.

Har bir sayohatdan oldin g‘oyat darajada aniqlik bilan tayyorgarlik ko‘riladi. Yiliga bir marta Fanlar akademiyasida loyihalar rejasi ishlab chiqiladi va har bir loyiha uchun sayohat jadvali tuziladi. Guruhga tadqiqot mavzusiga qarab gerpetolog, ornitolog (qushlar), teriolog (sutemizuvchilar) va entomologlar (hasharotlar) kiritiladi.
Haydarko‘l yaqinlarida cho‘l agamasi.
Foto: Timur Abduraupov.
Keyin esa ilmiy maʼlumotlar – hamkasblarning tadqiqot mavzusi bo‘yicha maqolalari, monografiyalar, kitoblar, eslatmalarida nimalarni yozishgani (o‘rganilayotgan hududda qaysi hayvonlar yashaydi, u yoki bu zot oxirgi marta qachon ko‘rilgan) o‘rganiladi. Ushbu materiallar asosida marshrut ishlab chiqiladi, Google-xaritalariga yo‘nalish nuqtalari qo‘yiladi va har bir kun uchun reja tuziladi. Timurning so‘zlariga ko‘ra, ular avvallari qatʼiy belgilangan marshrutsiz yurishgan, ammo bunday yondashuv tartibsizlikka olib kelishini tezda anglab yetishgan: juda ko‘p narsani ko‘rishni xohlashadi, natijada guruh 10-20 kunda hech narsa qilishga ulgurmaydi.

Jamoa ovqatni o‘zi sotib oladi, xarajatlar esa Excel jadvallariga kiritiladi. Shu bilan birga, safar ishtirokchilarining taʼbi ham hisobga olinadi: kimdir karamni yoqtirmaydi, kimdir tovuq go‘shtini yemaydi. Ekspeditsiyadan so‘ng olimlarga yo‘l haqi va harajatlari qoplab beriladi. To‘lovlar tartibi va miqdori qonun bilan belgilanadi, shuning uchun guruh qancha pul sarflashi mumkinligini aniq biladi.

Avvallari “tushyonka” asosiy ozuqa bo‘lgan. Biroq Timur va uning hamkasblari bu juda qimmat va unchalik ham mazali emas, degan qarorga kelishdi. Hozirda o‘zlari go‘sht sotib olib, uni yog‘da qovurishmoqda va bankalarga joylashtirishmoqda. Daladagi birinchi kunlarda shoxona yashashadi – meva-cheva, tuxum, pishloq, sosiskalar, yangi non bo‘ladi. Xizmat safari oxirlashib qolganida esa guruh sabzavotlar, yormalar, tez tayyor bo‘ladigan lag‘mon va bankalardagi go‘shtlarga o‘tishadi.
реклама
реклама
Ekspeditsiyadagi hayot: ilon tangachalarini sanash va dush o‘rniga salfetkalar
Daladagi kunlar ertalab soat 7 da boshlanadi. Zoologlar chodirlardan chiqib, yuvinish va tishlarini yuvishga borishadi. Maishiy ehtiyojlar uchun har doim texnik suv taʼminoti mavjud. Ammo u ham tejab sarflanadi: idishlar yuvilmaydi, balki hojatxona qog‘ozi bilan artib olinadi, juda yog‘li likobchalarga avval qaynoq suv quyiladi. Nonushtaga – tez tayyor bo‘ladigan bo‘tqa va yarim tayyor kartoshka pyuresi, eriydigan qahva.

Nonushtadan so‘ng guruh chodirlarni yig‘ishtirib, navbatdagi nuqtaga yo‘l oladi. Timur har bir joyda GPS-koordinatalarni aniqlaydi, dala kundaligiga havo va substrat (mikroorganizmlar yashash muhiti, jumladan, qum, tuproq, tosh va boshqalar – tahr.) harorati, namlik darajasiini yozib boradi. Dala kundaligi, bu – oddiy bloknot. Noutbukni sayohatga olib chiqish unchalik ham to‘g‘ri emas: chang va zarbalardan texnika tezda ishdan chiqishi mumkin.
Keyin kechqurungacha (oldindan kesib qo‘yilgan buterbrodlardan iborat tushlik uchun qisqa tanaffus bilan) gerpetolog hudud bo‘ylab yurib, uchratgan hayvonlarini qayd etib boradi.
Misol uchun, men toshbaqani uchratdim, demak, perpendikulyar bo‘ylab 5 metr masofada toshbaqa topilganligini yozaman. Biz har doim ko‘z bilan chamalashni mashq qilamiz. Do‘stlar bilan yig‘ilganimizda, obyektgacha bo‘lgan masofani to‘g‘riroq aniqlash uchun musobaqalashamiz, keyin esa masofani aniqlaydigan jihoz bilan tekshirib ko‘ramiz. Zoologlarning ermagi shunaqa.
Timur tutib olingan sudralib yuruvchilarni suratga olib, tana va dum uzunligini o‘lchaydi. So‘ngra eng qiyin va yurakni siqadigan ish – tangachalarni sanashga navbat keladi. Adashib ketmaslik uchun ularni barmoq bilan bitta-bitta o‘tkazish kerak, aks holda qaytadan hisoblashga to‘g‘ri keladi. Axir bitta chipor ilonning qornida 224 tagacha tangacha bo‘ladi-da!
Bunday o‘lchovlar turlarni aniqlash uchun kerak. Tangachalar soniga qarab olimlar sudralib yuruvchilarning turlarini, kichik turlarini va hatto avlodlarini ajratadilar. Agar olingan natijalar belgilangan diapazonlarga mos kelmasa, u holda yangi tur kashf qilingan bo‘lishi mumkin va namuna qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladi. Sudraluvchini to‘g‘ri aniqlagan bo‘lsangiz ham, o‘lchovlar kerak. Hayvonlarning ko‘rsatkichlari shunday yangilanadi.
Gerpetolog kuniga qancha maydonni o‘rganishi kerakligi bo‘yicha normativlar belgilanmagan. Hudud bo‘ylab transektlar – uzunligi kamida bir kilometr bo‘lgan to‘g‘ri chiziqlar o‘rnatilgan va bunday transetlardan xohlaganingizcha bo‘lashi mumkin – kuniga beshta yoki o‘nta.

Kechqurun olimlar to‘laqonli kechki ovqatga o‘tirishadi. Bugungi kunda olov romantikasi o‘rnini gaz ballonlari egallagan, ovqat ularda tayyorlanadi. 20 kunlik sayohat uchun ikkita ballon (5 va 12 litr hajmli) yetarli. Oshxonada vazifalar jadvalini tuzish odatiy hol emas, shunchaki ekspeditsiyaning har bir aʼzosining arsenalida o‘z hamkasblarini xursand qiladigan o‘ziga xos taom bor. Timurda – ziravorli kartoshka fri, makaron va dimlama. Palov, blinchiklar, kuksi ustalari ham bor. Ornitolog Anya esa xamirni kolbasa bilan (o‘qlov bo‘lganida qaniydi, unutib qoldirishibdi) yoyib, shokoladli ponchik qovurishni biladi.

Zoologlar dush o‘rniga nam salfetkalardan foydalanishadi. Ular bilan hatto boshni ham yuvish mumkin: taroq tishlariga salfetkalarni qo‘yib, bir necha bor sochlar orasidan o‘tkaziladi. Chiqindilar katta qoplarda saqlanadi va eng yaqin shahar axlatxonasiga qadar guruh bilan birga bo‘ladi. Yagona istisno organik chiqindilar bo‘lib, hasharot va hayvonlar ularni bir kechadayoq yeb bitirishadi.
Entomologlar ekspeditsiyaga chiqishsa, sharoitlar deyarli jannatmonand bo‘ladi. Ular hasharotlarga yorug‘lik tuzoqlarini o‘rnatish uchun generatorni olib kelishadi va guruh gadjetlarini quvvatlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har kim birga safarga chiqishni xohlaydigan bu mutaxassislar bo‘lmasa, olimlar o‘zlari bilan bir uyum «paver benk»larni olib kelishadi, mashinadagi usb-portini band qilish huquqi uchun bir-biri bilan tortishib ham qolishadi.

Kechki ovqatdan keyin Timurning ikkinchi smenasi – tungi reptiliyalarni kuzatish boshlanadi. Jamoadagi yagona gerpetolog ertalabki 4 gacha jonivorlarning tungi hayotini o‘rganib, ertalabki 7 da esa kunduzgisini kuzatish uchun o‘rnidan turgan vaqtlari bo‘lgan.
реклама
реклама
Menyu: haftasiga 250 ta tirik chigirtka
Doimiy muloqot va jismoniy zo‘riqishlar odamni charchatadi. Toshkentga qaytgach, Timur kun bo‘yi divanda yotib, kuchini tiklagisi keladi. Ammo bu kamdan-kam hollarda sodir bo‘lishi mumkin, chunki shaxsiy terrariumiga qarashi kerak.

Timur o‘zining tirik zoologik kolleksiyasini Davlat ekologiya qo‘mitasida rasman ro‘yxatdan o‘tkazgan. Bu noyob eron va sharqiy-hindiston gekkonlarini o‘z ichiga olgan O‘zbekistondagi yagona kolleksiyadir. Bundan tashqari, bu yerda Raptor va Super Snow dog‘li eublifarlarni ham ko‘rish mumkin. 15 ta kaltakesakdan iborat bu ahil oila bir haftada 250 ta tirik chigirtkani ishtaha bilan yeydi.
Sharqiy-hindiston eublefarlari bolalikda
Foto: Timur Abduraupov
Ulg‘ayib qolgan sharqiy-hindiston eublefari
Foto: Timur Abduraupov
Ulg‘ayib qolgan sharqiy-hindiston eublefari
Foto: Timur Abduraupov
Super Snow eublefari qishlashi
Foto: Timur Abduraupov
Eron eublefarining erkagi
Foto: Timur Abduraupov
Eron eublefarining urg‘ochisi
Foto: Timur Abduraupov
Raptor eublefari
Foto: Timur Abduraupov
Kamalak bo‘g‘ma iloni
Foto: Timur Abduraupov
Kolleksiyada to‘rtta bir yasharli bo‘g‘ma ilon bor. Ikkita kamalak bo‘g‘ma ilonining uzunligi 90 sm ga, qolgan ikkita daraxt bo‘g‘ma ilonining uzunligi esa yarim metrga yetdi.

Timur xizmat safarida bo‘lganida, uning rafiqasi sudraluvchilarni boqish bilan shug‘ullanadi, ammo bu unga oson emas. Er-xotin 11 yil birga yashagan bo‘lsa, ayol 9 yil deganda erining terrariumiga o‘rgandi.
Tabib: «Echkemar sho‘rvasi rakni davolaydi», dedi.
Farg‘ona vodiysi – Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan noyob hayvonlar va dunyoning boshqa hech bir joyida uchramaydigan tor arealli endemik turlar (zirhli gekkon, Rustamov ssinksimon lekkoni, Shtraux yumaloqboshisi, Saidaliyev taqir yumaloqboshi va Farg‘ona qum kaltakesagi) yashaydigan tabiiy izolyatdir.
Hozir Farg‘ona vodiysida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni yaratish ustida ishlayapmiz. Bu World Wildlife Fund va Critical Ecosystem Partnership Fund ko‘magida amalga oshirilayotgan Mixael Zuckov jamg‘armasining «Farg‘ona vodiysidagi asosiy tabiiy majmualarni saqlash» loyihasidir. 50 yil davomida Yozyovon qumlari maydoni ikki baravardan ko‘proqqa qisqardi. Bu jarayonning davom etishi faqatgina shu yerda va dunyoning boshqa hech bir joyida uchramaydigan noyob turlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Tabiat hech narsaga muhtoj emas, faqat unga tegmaslik kerak. Hududni o‘rab oling, qo‘riqchilarni o‘rnating — va u o‘zini o‘zi tiklaydi.
Farg‘ona vodiysi – noyob kulrang echkemarning yashash hududi. Olimlar ular allaqachon o‘lib ketgan, deb o‘ylashardi, biroq oxirgi yillarda ushbu sudralib yuruvchi bir necha marta tadqiqotchilarning nazariga tushdi. Farg‘onalik tabiblarning kulrang echkemar sho‘rvasi saratondan halos qiladi, degan qarorga kelishi ushbu jonivor populyatsiyasining keskin tushib ketishiga sabab bo‘lgan.
Ammo 2019 yilda Timur hamda uning amerikalik va xitoylik hamkasblari Yozyovon qumlarida o‘ziga xos izlarni topib, ularni inigacha taʼqib qilib borishdi, xursand bo‘lishdi va… bu qimmatbaho sudralib yuruvchini beixtiyor bezovta qilmaslik uchun ketishdi. Shunda qumlar chegarasi yaqinidagi mitti do‘kon sotuvchisi hayajon ichidagi gerpetologlarga soddalik bilan: «Biz bu yerda echkemarlarni tutamiz. Ular juda ko‘p. Ularni yeymiz», deydi.
Foto: Timur Abduraupov
Faqatgina echkemarlar bu kabi muammolar ichida qolmagan. Timurning so‘zlariga ko‘ra, sharq qum bo‘g‘ma iloni ham mashhurlikda qolishmaydi – uni butun O‘zbekiston yeydi. Tabiblar ilonni yurak xastaliklaridan tortib erkaklar ojizligigacha bo‘lgan ko‘plab kasalliklarni davolay oladi, deb hisoblashadi.

Bir necha yillar oldin Timurning o‘zidan ham agama topib berishni iltimos qilishgan. Bir ayol yig‘lab, yalinib-yolvorib undan shu kaltakesakdan topib berishni so‘ragan. Eriga oxirgi bosqichdagi jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan.

Tabib faqatgina agamaning qoni kasallikni davolay olishini aytgan ekan. U tanaga g‘ayriinsoniy regeneratsiyani bag‘ishlar emish, «axir kaltakesakning dumi uzilsa, qaytib o‘sib chiqadi-ku», degan u. Darvoqe, agamalarning dumi qaytadan o‘sib chiqmaydi. O‘sha ayolning o‘zi shifokor bo‘lib ishlagan, biroq baribir moʻjiza sodir bo‘lishiga ishongan. Insonlarning fantaziyalari noyob turlarning qirilib ketishiga sabab bo‘layotganidan Timurning jahli chiqadi.
Sudralib yuruvchilar va boshqa hayvonlarning xususiyatlari oshqozon orqali odamga o‘tib qolmaydi. Qo‘y go‘shtini yeganimizda boshimizdan shox o‘smaydi-ku. Davolash holatlari oddiy psixosomatika bilan izohlanadi. Hanafiy mazhabiga ko‘ra (sunniylikdagi to‘rtta sharʼiy huquqiy maktabdan biri – tahr.) sudralib yuruvchilarni yeyish shariatga zid va harom sanaladi.
Toshbaqalar uchun jang: Ishbilarmonlar olimlarga qarshi
Markaziy Osiyo toshbaqasi Yevropa, Yaponiya va AQSHda sevimli taom hisoblanadi. Uning tashqi bozorlardagi narxi 150 dollardan boshlanadi. Shu bois, bahorda Navoiy va Jizzax viloyatlari qishloqlarida bolalar va ishsizlar ovga chiqishadi: ular hududdagi yosh toshbaqachalarni terib, so‘ng Toshkentdan kelgan xaridorlarga topshirishadi.

Eksport o‘lchami 8-10 sm, ko‘plab mamlakatlar juda kichik jonivorlarni sotib olishmaydi – ularning toshi hali yumshoq bo‘ladi va uni parvarishlovchi bexosdan ezib qo‘yishi mumkin. Biroq xaridorlar 4 sm dan katta toshbaqalarni olib, keyin ularni o‘z pitomniklarida kerakli hajmga yetgunlariga qadar parvarishlaydi. Poytaxtda tovarlar yuviladi, saralanadi, qadoqlanadi. Nolikvid mahalliy bozorlarga olib chiqiladi: mavsum davomida Qizil kitobga kiritilgan toshbaqalar deyarli har bir istirohat bog‘i atroflarida sotiladi.
Foto: Timur Abduraupov
Saralangan toshbaqalar aylanma yo‘llar bilan respublikadan olib chiqiladi. Buning uchun ular skotch bilan o‘ralib, harakatlanishdan mahrum etiladi va o‘tlar to‘la qoplarga zichlab solinadi. Bir vaqtlar Timur Davlat bionazoratida ishlaganida u yerga musodara qilingan 4000 bosh toshbaqa olib kelingan. Butun boshli yuk mashinasi. Qoplar ochilganda, ko‘pchiligining bo‘g‘ilib yoki qobiq yorilishidan nobud bo‘lgani aniqlangan. Katta yo‘qotishlar kontrabandaning o‘ziga xos belgisidir, shuning uchun qonunbuzarlar buning hisobini olishadi. Ushbu noqonuniy biznesning rentabelligini taʼminlash uchun toshbaqalar minglab jo‘natmalarda chiqariladi.
Sobiq ittifoq davrida Zomin tog‘ etaklarida toshbaqalar juda ko‘p bo‘lgan, hozir esa deyarli yo‘q. Har yili yosh hayvonlar ushlanadi, butun avlod qirib tashlanadi, populsiyaga jiddiy zarba bo‘lmoqda hamda yosh va jins tarkibi buzilmoqda. Tubjoyli kishilarning aytishicha, O‘zbekistonda hali ham toshbaqalar ko‘p. Ha, ular uzoq umr ko‘rishadi, lekin kattalari o‘ladi yoki yirtqichlarga o‘lja bo‘ladi, yangi avlod esa yashirincha olib ketiladi. 20 yildan keyin ularning populyatsiyasi keskin kamayib ketishiga duch kelishimiz mumkin.
Foto: Timur Abduraupov
Foto: Timur Abduraupov
Zoologlar jamoasi Markaziy Osiyo toshbaqasini O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritish uchun ikki yil davomida kurashdi. Ular allaqachon Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. Timurning fikricha, bu haqiqiy urush edi. Har yili 100 ming boshlik kvota faqatgina rasmiy eksport uchun ajratilgan, kontrabanda yo‘li bilan esa undan ham ko‘prog‘i olib chiqib ketilgan. G‘azablangan tadbirkorlar olimlarni haqoratlashga o‘tishdi. Ulardan biri hatto Zoologiya institutidan birorta ham tosh qoldirmayman, deb tahdid qilgan.
Bu kabi eksportchi tadbirkorning har birida toshbaqa pitomnigi bor. Mantiqan, ular plyusda bo‘lishlari kerak, chunki biz yovvoyi tabiatda toshbaqalarni ovlashni yopyapmiz, demak, raqobatchilarining imkoniyatlarini qisqartiramiz. Pitomniklar cheklovsiz xorijga eksport qilishni davom ettirishlari mumkin. Toshbaqalarning O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilishi bilan norozi tadbirkorlarning qanday qarshilik ko‘rsatgani, albatta, o‘ylantiradi.
Tadbirkorlar petitsiya to‘plab, prokuraturaga shikoyatlar yozishdi. Zoologlar ham o‘sha prokuraturaga javob shikoyatlarini yuborishdi. 2019 yilda jang olimlarning g‘alabasi bilan yakunlandi: Markaziy Osiyo toshbaqasi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritildi. Timurning fikricha, ovlash taʼqiqi abadiy emas. Bu 10-15 yil davom etishi kerak. Bu tur doimiy ravishda yosh toshqabalarning olib ketilishidan tanaffus qilib, avlodni tiklashlari kerak.
реклама
реклама
Kobralar sizning hududingizda emas, siz ularnikida yuribsiz
Odamlar ilonlarni yoqtirmaydilar. Aytishlaricha, chorvalar ular chaqishi natijasida nobud bo‘lishi mumkin va shuning uchun sudralib yuruvchilar alohida ishtiyoq bilan yo‘q qilinadi. Bir kuni zoologlar avtomobillar bosib o‘tishi uchun kimdir o‘lik kobralarni katta yo‘lga qo‘yganiga guvoh bo‘lishdi. Asosi yo‘q shafqatsizlik.
Pallas qalqontumshuq iloni
Foto: Timur Abduraupov
Gurzi ilon
Foto: Timur Abduraupov
Qum efasi
Foto: Timur Abduraupov
O‘q ilon
Foto: Timur Abduraupov
Har yili Facebook orqali odamlarning ilonlarni o‘ldirganlaridan faxrlanayotganlarini ko‘rib qolaman. Ularga O‘zbekistonning aksariyat shaharlarida zaharli ilonlar uchramasligini, shuning uchun ilonlarni faqatgina ilon bo‘lganlari uchun o‘ldirishni to‘xtating, deb aytishni istardim. Sudralib yuruvchilar odamlardan o‘lguday qo‘rqishadi, ular uyingizga faqatgina ozuqa bazasi – kemiruvchilarni tutib yeyish uchun kirib qolishi mumkin. Vaholanki sichqon va kalamushlar vabo, gepatit, salmonellyozlarning asosiy tashuvchilari hisoblanadi. Aynan ilonlar (mushuk yoki tipratikanlar emas) ushbu zararkunandalar sonining nazoratchilari hisoblanishadi. Zaharli ilonlar yashaydigan hududlarda istiqomat qiluvchilarga esa ular hech qachon birinchi bo‘lib hujumga o‘tmasligini eslatib o‘tmoqchiman. Ularni ko‘rib qolsangiz, shunchaki to‘xtang yoki orqaga chekining va ilon sizdan uzoqlashadi. Unutmang, insoniyat bio xilma-xillik allaqachon shakllangan hududlarda yashashni boshlagan. Sodda qilib aytganda, kobralar sizning hududingizda emas, siz ularnikida yuribsiz.
Zaharli ilon chaqqanda, asosiysi – vahimaga tushmaslik va ortiqcha harakatlar qilmaslikdir, chunki bu reaksiyalar odamda yurakning tez urishiga olib keladi. Yurak, nasos kabi, faolroq ishlay boshlaydi, yaʼni zahar butun tanaga tezroq tarqaladi.

Eng yaxshi yo‘li – zahar buyraklar orqali tanadan chiqib ketishi uchun gorizontal holatda yotish va ko‘proq suv ichish. Shu bilan birga, jabrlanuvchining hamrohlari uni tezda kasalxonaga yotqizishni taʼminlashlari zarur. Har qanday holatda ham to‘qimalar nekrozini kuchaytirmaslik uchun ilon chaqqan joyni jgut bilan bog‘lamaslik kerak.

Zaharni so‘rib olish yordam bergan odamga zarar yetkazishi mumkin. Agar og‘izda mikro yoriqlar va kemtiklar bo‘lsa, ular orqali zahar tanaga kiradi va ikki kishi kasalxonaga yotqizilishi kerak bo‘lib qolishi mumkin.
Dudning savoli: «Timur, qancha pul topasiz?»
Timurning aytishicha, zamonaviy O‘zbekiston ilm-fanni yuksaltirmoqda. Zoologiya institutiga yosh gerpetolog 700 ming so‘m oylikka zoologiya kolleksiyasi mutaxassisi sifatida kelgan, biroq bu oylikka ko‘p ishlamagan – bir qancha yil avval prezident farmoni bilan olimlarning oyliklari bir necha barobarga oshirildi. Hozir Timurning kichik ilmiy xodim sifatidagi maoshi 4,7 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, hech kim oylikka yashashga majburlanmaydi – ilmiy xodimlar tashqi tashkilotlar bilan xo‘jalik shartnomasi asosida ishlash huquqiga egalar. Timur yuridik shaxslar uchun atrof-muhitga antropogenez taʼsirlarini baholaydi. Har qanday obyekt qurilishi oldidan ajratilgan hududda inson faoliyati natijasida bio xilma-xillikning zarar ko‘rmasligi aniqlab olinishi muhim. Zoolog ekologik izlanishlar o‘tkazib, xulosalarini beradi. Shuningdek, yirik xorijiy korporatsiyalar o‘z faoliyati hudud flora va faunasiga qanday taʼsir ko‘rsatayotgani bo‘yicha monitoringlar o‘tkazib turadi. Bunday tekshiruvlar har yili o‘tkaziladi.

Xullas, otasining Timur butun umr «arzimagan oylikka ishlab yuradi», degan xavotirlari o‘rinsiz bo‘lib chiqdi.
Matn muallifi: Yekaterina Soy.
Fotosuratlar mualliflari: Timur Abduraupov, Mariya Gritsina,
Valentin Soldatov, Alisher Ataxo‘jayev.
Matnga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” tahririyatiga tegishli.
“Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Biror qiziq narsani bilasizmi va uni boshqalar bilan bo‘lishmoqchimisiz? Hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting