26 fevral kuni xalq deputatlari Oltiariq tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Unda tumanga yangi xokim tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi viloyat hokimligi.

Deputatlar Turdaliyev Shamsiddin Asqaraliyevichni Oltiariq tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorini bir ovozdan ma’qulladi.

U bunga qadar Rishton tumani prokurori sifatida ishlagan. Shamsiddin Turdaliyev mazkur lavozimda 7 fevral kuni Toshkent viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar bo‘lgan Xolmirza Niyozovning o‘rnini egalladi.

Shamsiddin Turdaliyev 1979 yilda Bag‘dod tumanida tug‘ilgan, O‘zbekiston Milliy universitetini huquqshunoslik yo‘nalishini tamomlagan. Hozirda adliya katta maslahatchisi unvoniga ega.

Mehnat faoliyatini 2003 yilda Farg‘ona shahar prokuraturasida boshlagan. 2006−2011, 2016−2017 yillar oralig‘ida Farg‘ona viloyat prokuraturasida katta tergovchi, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida faoliyat olib borgan. 2011−2016 yillarda Beshariq tumani prokurori, 2017−2018 yillarda Dang‘ara tumani prokurori, 2018 yilda Qo‘qon shahar prokurori bo‘lgan.

2018−2019 yillarda Xorazm viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari, 2019−2021 yillarda Farg‘ona viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2021 yil 2 fevraldan bugungi tayinlovga qadar Rishton tumani prokurori bo‘lib ishlab kelgan.

Oltiariq tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Xolmirza Niyozov joriy yil 7 fevralda Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.