Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da 90 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarolaridan iborat birinchi evakuatsiya guruhi Ukrananing Lvov shahridan Polsha bilan chegaradagi «Krakovets» nazorat-o‘tkazish punktiga qarab yo‘lga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV vakili Yusup Kabuljanov Ukrainadagi elchixona xabariga tayanib ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, chegarani kesib o‘tish O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi bilan hamkorlikda muvofiqlashtirilmoqda.

Xabarga Ukraina-Polsha chegarasi tomon yo‘l olgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan taqdim etilgan videoyozuvlar ilova qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan 24 fevral kuni Ukrainada 4300 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turgani, shuningdek, o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasi va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlar ro‘yxati tuzilayotgani ma’lum qilingan edi.

Keyinroq fuqarolar Polsha orqali evakuatsiya qilinishi aytildi. 26 fevral kuni esa Ukrainaning markaziy viloyatlaridagi o‘zbekistonliklarni Lvovga xavfsiz yetkazishni vaqtincha iloji bo‘lmayotgani ma’lum qilinib, bunga shaharlar o‘rtasida avtomobil va temir yo‘l aloqalari to‘xtatilgani sabab qilib ko‘rsatildi.