Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy RF prezidenti Vladimir Putinga Donbassdagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif etdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

«Yana bir karra Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilmoqchiman. Ukrainaning butun hududi bo‘ylab janglar bormoqda. Keling, odamlarning halok bo‘lishini to‘xtatish uchun muzokaralar stoliga o‘tiraylik», deb aytgan Zelenskiy Putinga murojaatida.

RIA Novostining Xitoy TIViga tayanib xabar berishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin XXR raisi Si Szinpin bilan muloqot chog‘ida Rossiya Ukraina bilan oliy darajada muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tkaziladigan muzokaralar joyi sifatida Belarus poytaxti tanlangan.

Ukrainaning hukmron partiyasi bo‘lgan «Sluga naroda» sal vaqt o‘tib, Zelenskiy nima sababdan Rossiya prezidentiga muzokara taklif etgani bo‘yicha tushuntirish berdi.

Partiya rahbari Yelena Shulyakning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtgacha Kiyev G‘arb tomonidan Rossiyani to‘xtatishga qodir bo‘lgan qadamlarni ko‘rmagan. «Ularda osmonni yopib qo‘yish uchun yetarli kuchga ega edi. Rossiyani SWIFTdan uzib qo‘ya olardi. Rossiyaga qarshi neft embargosini kiritib, eksportini to‘xtatib qo‘yishi mumkin edi. Ammo G‘arb bunday qilmayapti», — degan Shulyak.

«Sluga naroda» partiyasi rahbari G‘arb tomonidan kiritilgan yangi sanksiyalarni inkor etmayotganini, shunchaki bu sanksiyalar yetarli emasligini, ular vatanni himoyalashda yolg‘iz qolganliklarini qo‘shimcha qilgan.

RIA Novostining RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga tayanib xabar berishicha, Putin Ukraina delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Minskka delegatsiya yuborishga tayyorligini bildirgan. RF tomonidan muzokaralarda Mudofaa vazirligi, TIV va Kreml administratsiyasi vakillari qatnashishi kutilmoqda.

Ilgariroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bosqinining birinchi kunida 137 nafar harbiy halok bo‘lgani, yana 316 nafari jarohatlangani haqida bayonot bergan edi.

TASS ayni vaqtda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasiga tayangan holda, Ukrainada otishmalar va havodan berilgan zarbalar oqibatida kamida 25 nafar tinch aholi halok bo‘lgani va yana 102 nafari jarohatlangani haqida xabar bermoqda. Nashrning yozishicha, boshqarma rasmiy vakili Ravin Shamdasani Jenevada 25 fevral kuni o‘tkazilgan brifing chog‘ida bu haqda aytgan va «qurbonlar haqida ma’lumotlarni tekshirish qiyinligi, ularning haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini» bildirgan.

Sal avval Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina Rossiya bilan neytrallik maqomi haqida muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan edi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov unga javoban Rossiya istalgan vaqtda muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini, ammo buning uchun Ukraina qurolli kuchlari qurol tashlashi kerakligini айтди.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qilgan edi va RF rahbarining murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlangandi.

Shundan so‘ng dunyo hamjamiyati RFning Ukrainaga bosqinini qattiq qoralab, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.