Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina Rossiya bilan neytrallik maqomi haqida muzokaralar o‘tkazishga tayyorligi xususida bayonot e’lon qildi. Bu haqda RBK xabar berdi.

«Ukraina muzokaralar uchun hamisha maydon qoldirib kelgan va qoldiradi. Jumladan, hozir — Rossiya keng ko‘lamli bosqinni amalga oshirayotganda ham. Bu urushni to‘xtatish kerak. Bu jangovar harakatlarni to‘xtatmoq lozim», — deyiladi bayonot matnida.

Bayonotda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z murojaatida Yevropa mamlakatlari Ukraina bilan birga urushishga va mamlakatni NATOda ko‘rishga tayyor emasligini ta’kidlagani qayd etilgan. «Bu ularning qo‘rqayotganligini bildiradi. Lekin Ukraina qo‘rqmaydi, Rossiya bilan neytrallik maqomi va kafolatlari haqida gaplashishga qo‘rqmaydi», degan edi u.

«Biz bugun Moskva gaplashishni xohlayotganini eshitdik. Agar ular neytrallik maqomi haqida gaplashmoqchi bo‘lsa, biz bunday muhokamadan qo‘rqmaymiz. Masala shundaki, kim va qanday qilib Ukrainaning xavfsizligini va kelishuvga amal qilinishini kafolatlay oladi», — deya ta’kidladi Podolyak.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Rossiya xohlagan vaqtda muzokaralarga tayyorligini, ammo buning uchun Ukraina qurolli kuchlari qurol tashlashi kerakligi haqida bayonot qilgan.

Lavrov RF Ukraina tashqi boshqaruvdan holi bo‘lishini va undan Moskvani jilovlab turish instrumenti sifatida foydalanmasliklarini istashini bildirgan.