AQSh «Sovkombank», «Novikombank» va boshqa Rossiya banklariga qarshi «blokirovka» qiluvchi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh moliya vazirligi xabarida aytiladi.

Sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyatni sharhlar ekan, «Sovkombank» bank kartalari faqat Rossiyada ishlashini, mijozlar bank ofislaridan ham, mobil ilovalardan ham valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshira olmasligini ma’lum qildi.

«Sanksiyalar qo‘llanilganligi sababli „Xalva-Sovkombank“ mobil ilovasida va bank filiallarida xorijga valyuta o‘tkazmalari amalga oshirish imkoniyati mavjud emas. „Sovkombank“ ichidagi pul o‘tkazmalari va Rossiya bo‘ylab pul o‘tkazmalari to‘liq hajmda rublda mavjud. Western Union va „Zolotaya Korona“ tizimlari orqali pul o‘tkazmalari amalga oshirilmaydi», — deyiladi bank xabarida.

Shuningdek, bank onlayn va mobil ilovada xorijiy valyutadagi depozitlarni qabul qilishni to‘xtatadi. Joriy valyuta hisobvaraqlari va depozitlarini yuritish o‘zgarishsiz qolmoqda.

«Bank kartalaridan, jumladan Visa va Mastercard to‘lov tizimlaridan xorijda foydalanish va xorijiy veb-saytlarda „Sovkombank“ kartalari bilan to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati hozirda sanksiyalar qo‘llanilganligi sababli mavjud emas. Siz boshqa bankning kartasiga pul o‘tkazishingiz mumkin, bunda cheklovlar qo‘yilmaydi», — deyiladi bank xabarida.

«Sovkombank» xabariga ko‘ra, bank «sanksiya cheklovlarining salbiy ta’sirini bartaraf etish uchun zarur kapital va likvidlikka ega».

«Rossiya banki»ning xabar berishicha, sanksiyalar ostida qolgan Rossiya banklarining kartalaridan Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlari orqali foydalanib bo‘lmaydi. Biroq bunday bank kartalari bilan Rossiya hududida standart aloqa va kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Ma’lumot uchun, «Sovkombank» Rossiyadagi barqaror moliyaviy ahvolga ega aktivlari bo‘yicha uchinchi yirik xususiy bank hisoblanadi. 23 fevral kuni mazkur moliya muassasasi O‘zbekistondagi «O‘zagroeksportbank» bankining 100 foizlik davlat ulushini 4 mln dollarga sotib olgan edi.