24 fevral kuni erta tongda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshladi. RF prezidenti Vladimir Putin xalqqa murojaatida urush boshlangani to‘g‘risida e’lon qilib, uni «maxsus harbiy operatsiya» deb atadi va bundan ko‘zlangan maqsad Ukrainani «demilitarizatsiya va denasifikatsiya» qilish ekanini ta’kiladi. «Gazeta.uz» xalqaro hamjamiyat Rossiya hujumiga qanday munosabat bildirganini o‘rganib chiqdi.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson payshanba kuni xalqqa qilgan murojaatida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini «Sharqiy Yevropa va butun dunyoda demokratiya va erkinlikka hujum» deb atadi.

«Rossiya prezidenti Putin […] hech qanday provokatsiyasiz va asosli bahonalarsiz do‘st davlatga hujum qildi. Begunoh aholi ustiga son-sanoqsiz raketalar va bombalar tushmoqda», — dedi Britaniya hukumati rahbari.

«Putin dunyo va tarix oldida qoralanadi: u hech qachon Ukraina qonini qo‘lidan yuvolmaydi […] Endi biz uni qanday bo‘lishini ko‘ramiz: imperatorlik istilosiga ishonadigan qonxo‘r tajovuzkor», — dedi Jonson keyinroq parlament a’zolari yig‘ilishida so‘zlagan nutqida.

«Diplomatik, siyosiy, iqtisodiy va oxir-oqibat, harbiy jihatdan Vladimir Putinning bu jirkanch va arvarlarcha avantyurasi muvaffaqiyatsiz yakunlanishi kerak», dedi bosh vazir Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qilar ekan.

Sanksiyalar

1. Rossiyaning barcha yirik banklari, shu jumladan Rossiyadagi ikkinchi yirik bank VTB aktivlari muzlatiladi;

2. Rossiyaning barcha yirik kompaniyalariga Britaniya bozorlariga moliyalashtirishni jalb qilish, Rossiya davlatiga esa suveren qarzni jalb qilish taqiqlanadi;

3. 100 dan ortiq jismoniy, yuridik va sho‘ba kompaniyalarga nisbatan yakka tartibdagi sanksiyalar. Ular orasida «Rostex» davlat mudofaa kompaniyasi va ayniqsa Kremlga yaqin sanalgan oligarxlar guruhi kiradi;

4. «Aeroflot» samolyotlarining Buyuk Britaniyaga qo‘nishi taqiqlandi;

5. Fuqarolik yoki harbiy maqsadlarda qo‘llash mumkin bo‘lgan ikkilamchi maqsadlarda foydalaniladigan tovarlarni eksport qilish litsenziyalarining amal qilishi to‘xtatildi. Masalan, yuk mashinalari uchun elektr komponentlar va ehtiyot qismlar;

6. Yuqori texnologiyali tovarlar, jumladan, neftni qayta ishlash uskunalari eksporti to‘xtatiladi;

7. Rossiya fuqarolari Buyuk Britaniyadagi bank hisob raqamlarida saqlashi mumkin bo‘lgan omonat miqdori cheklanadi. Ushbu chora ikki fuqarolikka ega shaxslarga ham tegishli bo‘ladi.

Rossiyaga qarshi joriy qilingan barcha sanksiyalar Belarusga ham joriy qilinadi.

Avvalroq, 22 fevral kuni, Rossiya DNR va LNR mustaqilligini tan olganidan so‘ng, Buyuk Britaniya Rossiyaning beshta bankiga, shuningdek, ishbilarmonlar Gennadiy Timchenko, Boris va Igor Rotenberglarga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi.

AQSh

Payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden ham Ukrainadagi vaziyat yuzasidan murojaat qildi.

«Rossiya harbiylari Ukraina xalqiga provokatsiyasiz, asossiz va zaruratsiz shafqatsiz hujum uyushtirdi», — dedi AQSh rahbari. — […] Putin tajovuzkor. Putin bu urushni tanladi. Endi esa buning oqibatlarini o‘zi va mamlakati ko‘radi".

Bayden AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya iqtisodiyoti uchun «darhol va vaqt o‘tishi bilan» «jiddiy to‘xtalishlar»ga olib keladi. Bundan tashqari, u AQSh shaxsan Vladimir Putinning o‘ziga ham sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini istisno qilmadi.

Baydenning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainada Rossiyaga bilan mojaroga kirishmaydi, biroq NATO davlatlarini himoya qilish uchun Yevropaga qo‘shimcha kuchlarni joylashtiradi.

Sanksiyalar

1. VTB, «Otkrыtiye», Sovkombank va Novikombank aktiklari muzlatiladi. «Sberbank»ning barcha muxbirlik hisoblari yopiladi.

2. 11 ta davlat kompaniyasi, jumladan «Gazprom», «Gazprom neft», «Transneft», «Rostelekom» va boshqalarning Amerika kapital bozoriga kirishi cheklandi.

3. Vladimir Putinga yaqin elitaning oila a’zolariga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etildi. Bular — RF prezidenti ma’muriyati sobiq rahbari Sergey Ivanov, Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va «Rosneft» rahbari Igor Sechinning o‘g‘illaridir. Shuningdek, «Sberbank» birinchi vitse-prezidenti Aleksandr Vedyaxin va VTB raisi o‘rinbosari Andrey Puchkov va Yuriy Solovyovga nisbatan ham sanksiyalar joriy etilgan.

4. Yuqori texnologiyali mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilishni taqiqlash. Ro‘yxatga yarim o‘tkazgichlar, kompyuterlar, telekommunikatsiya uskunalari, lazerlar va sensorlar kiradi.

22 fevral kuni AQSh Rossiyaning ikki banki, Putinga yaqin elitaning oila a’zolari va Rossiya suveren qarziga qarshi sanksiyalar kiritgan edi.

Kanada

«Kanada Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan hujumini keskin qoralaydi. Bu asossiz harakatlar Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini yanada ochiqdan-ochiq buzishdir. Ular, shuningdek, Rossiyaning xalqaro huquq va BMT Nizomidagi majburiyatlarini buzadi», — deya ma’lum qildi payshanba kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo.

Kanada hukumati rahbari Rossiyani hujumni to‘xtatishga va o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketishga chaqirib, Rossiya rasmiylarining harakatlari «jiddiy oqibatlarga» olib kelishini qo‘shimcha qildi. U, shuningdek, Rossiyaga qarshi 22 fevralda Rossiya DNR va LNR mustaqilligini tan olganidan keyin qabul qilingan cheklovlarni to‘ldiradigan yangi sanksiyalarni e’lon qildi.

Sanksiyalar

1. Rossiyaning qo‘shimcha 58 nafar jismoniy va yuridik shaxslariga, shu jumladan banklar, moliyaviy elitalar va ularning oilalariga cheklovlar;

2. Rossiya Xavfsizlik Kengashi a’zolariga, jumladan mudofaa vaziri, moliya vaziri va adliya vaziriga nisbatan sanksiyalar;

3. Rossiya uchun barcha eksport ruxsatnomalarini berishni tugatish va avval berilgan ruxsatnomalarni bekor qilish.

Yaponiya

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida 24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini izohlar ekan, «Bu nafaqat Yevropada, balki Osiyo va undan tashqarida ham xalqaro tartib uchun o‘ta jiddiy vaziyatdir», — dedi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ikkinchi paketi eksportni cheklash, Rossiya moliya institutlari aktivlarini muzlatish va vizalar berishni to‘xtatib turishni o‘z ichiga olgan. 22 fevralda qabul qilingan birinchi sanksiyalar paketi Rossiya suveren qarziga cheklovlarni o‘z ichiga olgan edi.

Sanksiyalar

1. Rossiyaning ayrim fuqarolariga viza berishni taqiqlash va bir qator tashkilotlarning aktivlarini muzlatish (ro‘yxat hozircha noma’lum);

2. Rossiya moliya tashkilotlari aktivlarini muzlatish (ro‘yxat ham keltirilmagan);

3. Rossiyaga harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlarni, masalan, yarim o‘tkazgichlarni eksport qilishni cheklash.

Yevropa Ittifoqi

24 fevral kuni kechqurun Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘shma matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ham e’lon qildi.

«Putin do‘st Yevropa davlatini o‘ziga tobe qilmoqchi. U kuch bilan Yevropa xaritasini qaytadan chizishga harakat qilmoqda. U omadsizlikka uchrashi kerak va uchraydi ham», — dedi fon der Lyayen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar asosan Rossiya moliya sektori va muhim texnologiyalar eksportiga ta’sir qiladi. Cheklovlarning aniq ro‘yxati keyinroq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanganidan keyin e’lon qilinadi.