Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi muddatidan bir kun oldin yakunlandi. Tashrifning birinchi kuni, 23 fevral sanasida mazkur safar ilk bor 3 kun davom etishi ma’lum qilingandi. 24 fevral kuni kechqurun davlat rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Safar davomida Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoqda bo‘lib, Orol dengizining qurigan tubini borib ko‘rdi, u yerdagi o‘rmon barpo etish ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, u Taxtako‘pir va Shumanay viloyatlarida ham bo‘ldi, Beruniy viloyatida shamol elektr stansiyasi qurilishining ilk tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

So‘ng davlat rahbari Nukus shahridagi «Chimboy guzari» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, plastik eshik va romlar ishlab chiqaruvchi korxonani, «Zeke Terek» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi yangi uy-joy majmuasi qurilish maydonchasini ko‘zdan kechirdi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Eslatib o‘tamiz, Orolbo‘yi mintaqasini hamkorlikda rivojlantirish uchun O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahar hokimligi jalb qilingan. — Orol havosidan nafas olish uchun butun respublikadan rahbarlarni bu yerga yubordim, — degan prezident. Ular Qoraqalpog‘istonda bir hafta qolishlari rejalashtirilgan edi.

Qolaversa, davlat rahbari Qoraqalpog‘istonda tashrifi chog‘ida dunyo kun sayin emas, soat sayin tahlikali bo‘lib borayotganini ta’kidlagandi. «Biz iqtisodiyotimiz, mudofaamizni mustahkam qilib, ishonch bilan jonajon vatanimizning qudratini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak», — dedi u.