Jizzax shahrida tadbirkordan 3 ming dollar pora talab qilgan bo‘lim boshlig‘i va yetakchi muhandis ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, «Hududgaz Jizzax» gaz ta’minoti filiali yetakchi muhandisi Sh. I. (muqaddam sudlangan) «X.S.» MCHJ rahbariga tabiiy gazdan noqonuniy foydalanligi holati bo‘yicha hisoblangan 384,6 mln so‘m miqdoridagi zararni kamaytirib berishga va’da bergan.

Sh. I. korxona ish yurituvchisi D.D.dan 3 ming dollar pora olgan vaqtida Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.

Sh. I. ning ko‘rsatmasiga asosan davom etgan tadbirda, filialning shartnomaviy-huquqiy bo‘limi boshlig‘i B.R. sherigi yetakchi muhandis Sh. I.dan 3 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.