Hujumlar natijasida 40 dan ortiq ukrainalik askarlar halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar yaralandi. Bu haqda Ukraina prezidenti idorasi rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovich xabar qildi.

Avvadroq mamlakat Milliy politsiyasi eng kamida to‘qqiz kishining halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Jumladan, Kiyev viloyatining Brovari shahridagi harbiy shaharchaga uyushtirilgan aviahujum natijasida bir kishi qurbon bo‘ldi, olti kishi jarohatlandi.

Sumi viloyatining Konotop tumanida avtomobil o‘qqa tutildi, natijada bolali ayol jabrlandi.

Odessa viloyatining Podolsk shahridagi harbiy qism bombardimon qilindi, natijada olti kishi halok bo‘ldi, yetti kishi yaralandi, 19 kishi bedarak yo‘qoldi.

Donetsk viloyatining Mariupol shahrida o‘qqa tutilishi natijasida esa bir kishi halok bo‘ldi, ikki kishi yaralandi.

Avvalroq IIV Xerson viloyatining Preobrajenka aholi punktida ham bir chegarachining halok bo‘lganini xabar qilgan edi.

Ukraina IIV mamlakatning 17 ta hududida portlash va otishmalar sodir bo‘layotganini ma’lum qildi.

«Rossiya chegaraning butun perimetri bo‘ylab artilleriya va og‘ir texnikalardan foydalangan holda hujum qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Shuninglek, Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasini Chernigov, Sumi, Lugansk, Xarkov viloyatlarida kesib o‘tdi, deb xabar bermoqda mamlakat chegara xizmati.