Rossiyaning «Sovkombank"i «O‘zagroeksportbank»ning 100 foiz davlat ulushini 4 mln dollarga sotib oldi, deb xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

Bitim «O‘zagroeksportbank» aksiyadorlik tijorat banki faoliyatini tahlil qilish (tegishli ekspertiza) natijalariga ko‘ra, tanlov asosida ochiq tender orqali tuzilgan. Grant Thornton xalqaro kompaniyasi xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida jalb qilingan va baholashni KPMG xalqaro kompaniyasi amalga oshirgan

Jami 4 nafar ishtirokchi xarid qilish istagini bildirgan. Har bir talabgorga bankka oid moliyaviy, huquqiy, tashkiliy va soliq ma’lumotlari bilan tanishish uchun virtual ma’lumotlar xonasiga (VDR) kirish, faoliyatni tahlil (due diligence) qilish, bank menejmenti va xususiylashtirish bo‘yicha konsultantga savollar berish, bankka tashrif buyurgan holda o‘rganish imkoniyati yaratilgani aytildi.

«O‘zagroeksportbank» — 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 100% Toshkent hokimligiga tegishli hisoblanadi. Bankning asosiy vazifalari qatoriga eksport qiluvchi tashkilotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, meva-sabzavot mahsulotlari eksport salohiyatini samarali va barqaror rivojlantirishni ta’minlash kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Poytaxt Bank» AJ hamda «O‘zagroeksportbank» ATB ustav kapitalidagi 100% davlat aksiya paketlari narxlarini maksimal qiymatda, shu bilan birga kelgusida bankning moliyaviy holati barqarorligini oshirish va rivojlantirish shartlari bilan ommaviy savdolar orqali sotish rejasi haqida e’lon qilgandi.